Toshkentda “Impact Team 2050” doirasida Milliy yoshlar yadro muloqoti bo‘lib o‘tdi
2026-10-09 15:00:00 / Press-relizlar

Toshkent shahridagi “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent filialining maydonida “Impact Team 2050” xalqaro yoshlar maslahat kengashi doirasida Milliy yoshlar yadro muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv soha mutaxassislari hamda yaqin kelajakda O‘zbekiston atom energetikasining kadrlar poydevorini shakllantiruvchi yosh kadrlarni bir maydonga jamladi. Muloqotda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ахmedxadjayev, “Rosatom Markaziy Osiyo” bosh direktorining o‘rinbosari Dmitriy Konstantinov, shuningdek, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir odatiy rasmiy ma’ruzalardan qochgan holda, ochiq va samimiy muloqot shaklida tashkil etildi. Azim Ахmedxadjayev yig‘ilishni uzoq davom etadigan nutqlar bilan to‘ldirmasdan, talabalarning savollari, takliflari va fikr-mulohazalarini tinglash Agentlik uchun juda muhim ekanini alohida qayd etdi. Shundan so‘ng, uchrashuv to‘liq savol-javob formatiga ko‘chdi.
Muhokamani ochiq deb e’lon qila turib, “O‘zatom” rahbari sohaning bugungi taraqqiyot darajasini bevosita ayni paytda tahsil olayotgan yoshlar bilan bog‘ladi:
“Bugun O‘zbekiston atom energetikasi o‘ta muhim, tarixiy bosqichni boshdan kechirmoqda. Biz mamlakatimiz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan yuqori texnologiyali tarmoqqa asos solyapmiz: yirik infratuzilma loyihalarini boshlayapmiz, xalqaro aloqalarni kengaytirmoqdamiz va parallel ravishda kadrlar tayyorlashning milliy tizimini yaratyapmiz. Biroq har qanday zamonaviy texnologiya ortida, eng avvalo, inson omili turadi”, — dedi Azim Ахmedxadjayev.
U Agentlikning 10, 20 va 30 yillik strategik rejalari birinchi navbatda bugungi avlodning professional o‘sishi, salohiyati va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qay darajada tayyorligiga bog‘liqligini ta’kidladi:
“Sizda noyob va tarixiy imkoniyat bor — poydevori aynan hozir qo‘yilayotgan ulkan va innovatsion sohaga kirib kelyapsiz. Siz nafaqat oddiy mutaxassis, balki Yangi O‘zbekiston atom sanoatining chinakam bunyodkorlariga aylanishingiz mumkin”.
Bunday yondashuv davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga to‘la mos keladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ishlash ва kadrlar masalasini mamlakat rivojining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab kelmoqda. Atom generatsiyasining kengaytirilishi esa respublikaning uzoq muddatli energetik mustaqilligini ta’minlashning asosiy omili sifatida ko‘riladi. Davlat rahbari inson kapitali va mutaxassislar tayyorlash sifatini iqtisodiyotning o‘nlab yillar keyingi taqdirini belgilab beruvchi poydevor deb hisoblaydi.
Atom sanoati uchun bu yo‘nalish kasbga mo‘ljallash, ixtisoslashtirilgan ta’lim tizimini rivojlantirish va yoshlarni xalqaro loyihalarga faol jalb etishni taqozo etadi. Azim Ахmedxadjayev, ushbu muloqot doirasida belgilangan maqsadlar milliy dasturga yangicha sur’at bag‘ishlashi va yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishini alohida qayd etdi.
Suhbat davomida “O‘zatom” direktori Agentlik yoshlarning sohaga kirib kelishi uchun barcha sharoitlarni yaratishni, jumladan, amaliyot va stajirovka dasturlarini kengaytirish, xalqaro tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish va yoshlarni real loyihalarga jalb qilishni o‘z zimmasiga olishini bildirdi. Shu bilan birga, u ushbu sohaning o‘ziga xos mas’uliyatini ham eslatib o‘tdi:
“Atom energetikasi yuzaki munosabatni aslo kechirmaydi. Bu soha chuqur bilimlardan tashqari, temir intizomni, ichki yetuklikni va yuqori xavfsizlik madaniyatini talab qiladi. Bizga doimo o‘z ustida ishlashga tayyor va qabul qilayotgan har bir qarorining mas’uliyatini to‘liq his qiladigan yetakchilar kerak”.
Talabalar taklif etilgan erkin formatdan unumli foydalanib, o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb savollarni ochiq bayon qildilar.
Global miqyosda "yashil energiya"ga o‘tish jarayonida atom sohasi yaqin 5–10 yilda qanday rivojlanadi va qanday asosiy chaqiriqlarga duch keladi; amaldagi tajriba almashinuvi, amaliyot va xalqaro tashabbuslar yosh mutaxassislarga jahon andozalaridagi tajribani egallashda qanday yordam bera oladi; Davlat rahbarining atom generatsiyasini kengaytirish bo‘yicha belgilab bergan strategik kursi sohaning rivojlanishiga va yoshlarning karyerada o‘sishiga qanday turtki bo‘ladi; elektr energiyasini ishlab chiqarishdan tashqari, yadro texnologiyalaridan tinch maqsadlarda foydalanishning O‘zbekiston uchun qaysi yo‘nalishlari istiqbolli hisoblanishi borasidagi va boshqa bir qancha savollar muloqotda yangradi.
Azim Ахmedxadjayev o‘z javoblarida barcha ko‘tarilgan masalalarni yagona mantiqiy xulosaga birlashtirdi. Uning ta’kidlashicha, kelgusi o‘n yillikning bosh vazifalari — yirik yadroviy obyektlarni muvaffaqiyatli barpo etish, kadrlar tayyorlashning milliy tizimini mukammallashtirish va xalqaro maydondagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.
Agentlik yoshlarning kasbga amaliy kirib borishini stajirovkalar, tajriba almashinuvi hamda ularni real loyihalarga jalb etish orqali ta’minlamoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarining kengaytirilishi esa mahalliy muhandislar va ekspluatatsiya xodimlariga bo‘lgan talabni yanada oshiradi. Shu bilan birga, mamlakat uchun tinchlik maqsadlaridagi atom faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmaydi: istiqbolda yadro tibbiyoti, amaliy radiatsiya texnologiyalari va ilmiy kompetensiyalar ham muhim o‘rin tutadi, zero ularsiz soha rivojini to‘laqonli tasavvur etib bo‘lmaydi.
Uchrashuv so‘ngida, “O‘zatom” direktori bugungi suhbatni ishtirokchilarning kelajakdagi mas’uliyati bilan bog‘ladi:
“Bir necha yildan so‘ng orangizdan ko‘pchilik ishlab chiqarishning eng muhim yo‘nalishlariga rahbarlik qilishiga, ilm- fanni taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga va xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini himoya qilishiga chin dildan ishonaman. Har biringiz kelajakda faxr bilan: «Biz O‘zbekistonda atom sohasi qanday yaratilganini shunchaki kuzatib turmadik, biz uni birgalikda bunyod etdik», deb ayta olishingizni juda ham istayman”, — deya xulosa qildi Azim Axmedxadjayev.
“Rosatom Markaziy Osiyo” kompaniyasi vakili Dmitriy Konstantinov esa kadrlar tayyorlash vazifasining xalqaro ko‘lamiga to‘xtalib, bu borada tajriba almashish, stajirovkalar va qo‘shma yoshlar tashabbuslari muhim ekanini qayd etdi. Muloqot davomida talabalar tomonidan berilgan barcha takliflar “O‘zatom” agentligi tomonidan ko‘rib chiqiladi va “Impact Team 2050” xalqaro platformasiga taqdim etiladi.
Muhokamaga Obninsk shahridan onlayn tarzda “Impact Team 2050” xalqaro yoshlar maslahat kengashi a’zosi, “MMFI” Toshkent filiali bitiruvchisi Muxiddin Umidov ham ishtirok etdi. U “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori huzuridagi ushbu kengashda O‘zbekistonning ilk vakiliga aylandi. U Toshkentdagi ushbu tadbirni bir qator mamlakatlarda o‘tkazilayotgan milliy muloqotlar bilan bog‘ladi: yig‘ilgan takliflar umumiy “yo‘l xaritasi”dan joy oladi va xalqaro darajada, jumladan, COP31 doirasidagi Atom kuni yoshlar dasturida taqdim etiladi.









