O‘zbekiston Londondagi Butunjahon yadro simpoziumida integratsiyalashgan AES modelini taqdim etdi
2026-09-14 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Londondagi Butunjahon yadro simpoziumida integratsiyalashgan AES modelini taqdim etdi
“O‘zatom” agentligi delegatsiyasining joriy yil 10–11-sentyabr kunlari Londonga qilgan amaliy tashrifi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro yadro hamjamiyatiga atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘z yondashuvini taqdim qildi.
Butunjahon yadro assotsiatsiyasining (WNA) 51-Butunjahon yadro simpoziumida “Yadro energetikasiga yangi yo‘llar” mavzusidagi sessiya doirasida dunyodagi birinchi integratsiyalashgan AES loyihasini amalga oshirish tajribasi e’lon qilindi. Mazkur loyiha katta quvvatli VVER-1000 energobloklari va kichik quvvatli RITM-200N reaktorlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan strategik islohotlari doirasida amalga oshirilmoqda.
Sessiya ishtirokchilari O‘zbekiston modeliga ijobiy baho berdilar hamda sohaning izchil institutsional qurilishi, uzoq muddatli rejalashtirish, me’yoriy va infratuzilmaviy bazani shakllantirish, xalqaro ekspertizani jalb etish jarayonlarini alohida qayd etdilar.
Ruanda Atom energiyasi kengashi raisi, Ruanda Prezidentining maslahatchisi Lassina Zerbo O‘zbekiston tajribasini rivojlanayotgan davlatlar uchun ibratli ekanini ta’kidlab, “O‘zatom” agentligining atom sohasidagi yagona muvofiqlashtiruvchi sifatidagi rolini alohida e’tirof etdi. Shu tariqa, simpozium nafaqat milliy dastur taqdimoti uchun maydon bo‘libgina qolmay, balki O‘zbekiston yondashuvi professional hamjamiyat tomonidan tizimli va uzoq muddatli rivojlanishga yo‘naltirilgan deya baholanayotganining amaliy tasdig‘i ham bo‘ldi.
Bu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida asosiy xalqaro hamkorlar bilan umumiy munozara shaklida emas, balki hamkorlikning aniq yo‘nalishlari borasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Simpozium doirasida xalqaro hamjamiyatning O‘zbekiston dasturiga bo‘lgan qiziqishi ikki tomonlama muzokaralarga aylanib ketdi.
Fransiyaning “Orano” kompaniyasi rahbariyati bilan yadro yoqilg‘isi siklidagi hamkorlik hamda ishlatilgan yadro yoqilg‘isi bilan muomala qilish yondashuvlari muhokama qilindi. Tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirishga va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Fransiyadagi sohaviy obyektlarga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.
WNA va Butunjahon yadro universiteti bosh direktori bilan o‘tkazilgan uchrashuvda umumiy e’tirofdan aniq amaliy hamkorlik mexanizmlariga o‘tish tamoyili davom ettirildi. O‘zbekistonning assotsiatsiyaga to‘laqonli a’zo bo‘lish istiqbollari, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik va ta’lim dasturlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston universitet tadbirlarini o‘tkazishga nomzod mamlakatlar qatoriga kiritildi.
Tashrifning texnologik yo‘nalishini AtkinsRéalis kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar to‘ldirdi: tomonlar CANDU reaktorlarining imkoniyatlarini o‘rganishga va ularni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llashning maqsadga muvofiqligini baholashga kelishib oldilar.
Dastur Ruanda atom sohasi rahbariyati uchrashuvi bilan yakunlandi, unda tomonlar tajriba almashish va qo‘shma tanishtiruv tadbirlarini o‘tkazishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Simpoziumning ochiq qismi va uning doirasidagi muzokaralar yagona maqsadga xizmat qildi: O‘zbekiston nafaqat o‘zining atom energetikasi modelini taqdim etdi, balki xalqaro hamjamiyat e’tiborini yoqilg‘i sikli, WNAga a’zolik, ta’lim dasturlari hamda yangi hamkorlar bilan tajriba almashish kabi aniq amaliy yo‘nalishlarga qarata oldi.




