XALQLAR DO‘STLIGI KUNI
2026-07-30 09:00:00 / Yangiliklar
Har yili 30-iyul butun dunyoda Xalqlar do‘stligi kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana turli millat, madaniyat va anʼanalar vakillari o‘rtasida hurmat, ishonch va hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor eslatadi. Bu kunni taʼsis etish to‘g‘risidagi qaror 2011-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan xalqlar o‘rtasida tinchlikni mustahkamlash, muloqot va hamjihatlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilingan.
O‘zbekistonda do‘stlik, bag‘rikenglik va jamiyatdagi totuvlik tamoyillari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hamda barqaror taraqqiyotning muhim asosi hisoblanadi. Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik va ahillik muhitida yashab, har biri o‘zining milliy anʼanalari, tili va madaniy merosini asrab-avaylagan holda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Respublikamizda 200 dan ortiq milliy madaniy markazlar faoliyat yuritadi, barcha fuqarolarning teng huquq va imkoniyatlari esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan.
Millatlararo totuvlikni taʼminlash, ishonch va hurmat muhitini yana-da mustahkamlash jamiyat birligi, ijtimoiy barqarorlik hamda inson huquqlarini himoya qilishning muhim omilidir. Ana shu qadriyatlar mamlakatimizning izchil taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratib, tinch, farovon va bunyodkor hayotni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Hozirgi globallashuv sharoitida madaniy xilma-xillikka hurmat, bir-birini anglash va konstruktiv hamkorlik barqaror taraqqiyot hamda xavfsizlikning eng muhim shartlaridan biriga aylanmoqda. Turli millat va elat vakillari ko‘p yillardan buyon bir oiladek ahil va inoq yashab kelayotgan O‘zbekiston millatlararo totuvlik, hamjihatlik va o‘zaro ishonchning yorqin namunasidir. Bu ezgu tamoyillar jamiyatimiz barqarorligi hamda mamlakatimizning tinchlik, birlik va taraqqiyot yo‘lidagi izchil rivojlanishining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
