QONUNCHILIK NIGOHIDA: ATOM ENERGETIKASIDA HUQUQIY MEZONLAR VA TALABLAR
2026-07-06 16:00:00 / Yangiliklar

Atom energetikasini rivojlantirish aniq va shaffof huquqiy tartibni, shuningdek davlat organlari va tarmoq ishtirokchilari o‘rtasida vazifalarni qat’iy taqsimlashni talab qiladi. Shu bois fuqarolarning huquqlari, idoralar o‘rtasida javobgarlik taqsimoti va davlat nazoratini amalga oshirish tartibiga oid masalalar alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ushbu savollarga javoblar soha uchun asos hisoblangan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan.
“10 savolga 10 javob, muhim 5 qoida” ruknining navbatdagi sonida mazkur qonun normalari aholi manfaatlarini qanday himoya qilishi hamda soha ishtirokchilari zimmasiga qanday majburiyatlar yuklashini batafsil ko‘rib chiqamiz. Ekspert sifatida Atom energiyasi agentligi bosh yuriskonsulti Bekzod Artikov ishtirok etadi.
MUHIM 5 QOIDA
- Tinchlik maqsadida: O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish farovonlik va taraqqiyotga xizmat qiladi.
- Qatʼiy nazorat va litsenziyalash: Atom energetikasi sohasida tashkilotlar maxsus davlat litsenziyasisiz va qatʼiy tekshiruvlarsiz faoliyat yurita olmaydi.
- Inson salomatligi va ekologiya ustuvorligi: Obyektlarni loyihalash va ishlatishda aholi sog‘ligi hamda atrof-muhit xavfsizligi eng oliy mezon hisoblanadi.
- Shaffoflik va jamoatchilik nazorati: Har bir fuqaro va nodavlat tashkilot sohaga oid maʼlumotlarni olish hamda muhokamalarda o‘z fikrini bildirish huquqiga ega.
- Xalqaro standartlarga sodiqlik: O‘zbekiston yadroviy infratuzilmani rivojlantirishda XAEA talablari va xalqaro shartnomalarga qatʼiy amal qiladi.
1. Atom energiyasi nima va u nima uchun kerak?
Atom energiyasi — bu yadro yonilg‘isidan olinadigan quvvat bo‘lib, undan asosan barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalaniladi. Bu energiya turi kam miqdordagi xomashyo bilan yuqori samaradorlikka erishish imkonini beradi va eng muhimi, atmosferaga zararli gazlar chiqarmaydi. Shu bois, dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari qatori O‘zbekiston ham bu sohani faol rivojlantirmoqda.
2. O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish qaysi qonun bilan tartibga solinadi va uni qaysi sohalarda qo‘llashga ruxsat etilgan?
Mazkur sohadagi asosiy huquqiy hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni hisoblanadi. Unga muvofiq, atom texnologiyalaridan faqat tinchlik maqsadlarida: elektr energiyasi ishlab chiqarish, yadro tibbiyoti, qishloq xo‘jaligi hamda ilmiy tadqiqotlar sohalarida foydalanishga ruxsat etilgan. Atom energiyasidan harbiy maqsadlarda foydalanish esa qatʼiyan taqiqlangan.
3. Atom elektr stansiyasini har qanday jismoniy shaxs yoki tashkilot qurib, boshqara oladimi?
Buning imkoni yo‘q. Atom energetikasi obyektlarini qurish va ulardan foydalanish uchun davlat tomonidan maxsus ruxsatnoma — litsenziya berilishi shart. Litsenziya esa faqatgina barcha xavfsizlik talablariga to‘liq javob beradigan, tegishli bilim, tajriba va texnik imkoniyatlarga ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlargagina taqdim etiladi.
4. Atom elektr stansiyasi yaqinida yashaydigan aholi xavfsizligi kim tomonidan kafolatlanadi?
Bu xavfsizlik davlat tomonidan kafolatlanadi. Mamlakatimizda maxsus davlat nazorat organi hisoblangan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi faoliyat yuritadi va u obyektning loyihalash, qurilish hamda foydalanishga topshirish kabi barcha bosqichlarida xavfsizlikni uzluksiz tekshirib boradi. Bundan tashqari, AES atrofida qo‘shimcha himoya va kuzatuv zonalari belgilanib, ularda doimiy monitoring olib boriladi.
5. AES qurilishi jarayonida ekologik xavfsizlik va inson salomatligini muhofaza qilish qanday taʼminlanadi?
Qonunchilikda inson hayoti, sog‘lig‘i va atrof-muhit muhofazasi eng ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu sababli, barcha obyektlar xalqaro miqyosdagi qatʼiy xavfsizlik standartlari asosida loyihalanadi va ularning ekologiyaga taʼsiri davlat organlari tomonidan tizimli ravishda nazorat qilinadi.
6. Qonunda huquqiy javobgarlik va zararni qoplash mexanizmlari qanday belgilangan?
Yetkazilgan zararni qoplash majburiyati bevosita ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot zimmasiga yuklanadi. Ushbu majburiyat ijrosini taʼminlash maqsadida moliyaviy kafolatlar yoki sug‘urta mablag‘lari oldindan shakllantirilishi shart. Zarur hollarda bu jarayonga davlat tuzilmalari ham jalb etiladi.
7. Atom elektr stansiyasi aholi va davlatga qanday manfaat keltiradi?
AES — bu mamlakat iqtisodiyotining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini taʼminlaydigan arzon va barqaror elektr energiyasi manbaidir. Sohaning rivojlanishi yangi, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishiga, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirishga hamda fan-texnika va innovatsiyalar taraqqiyotiga kuchli turtki beradi.
8. Oddiy fuqarolar yoki jamoat tashkilotlari atom energetikasiga oid qarorlar qabul qilinishida ishtirok eta oladimi?
Ha, albatta. Qonunga muvofiq, fuqarolar va nodavlat tashkilotlari ushbu sohadagi tadbirlarda ishtirok etish, ochiq axborot olish hamda o‘z fikr-mulohazalarini bildirish huquqiga ega. Yaʼni, bu masala faqat davlat tashkilotlari yoki tor doiradagi mutaxassislarning ishi emas, balki unda keng jamoatchilik fikri ham inobatga olinadi.
9. O‘zbekistonga bu sohada qaysi xalqaro tashkilotlar ko‘maklashmoqda?
O‘zbekiston bu borada Xalqaro atom energiyasi agentligi va yadroviy texnologiyalar sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan yetakchi davlatlar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bu sheriklik mamlakatimizga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish, kadrlar tayyorlash va barcha ishlarni xalqaro xavfsizlik meʼyorlariga mos ravishda bajarish imkonini beradi.
10. Atom energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq rasmiy maʼlumotlarni kimdan olish mumkin?
Mazkur yo‘nalishda Energetika vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi masʼul davlat organlari hisoblanadi. Fuqarolar va tashkilotlar ushbu idoralarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish orqali o‘zlarini qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan rasmiy va ishonchli maʼlumotlarni olishlari mumkin.
