XAEAning INIR «Follow-up» 2-bosqich missiyasining ikkinchi kuni
2026-06-23 09:00:00 / Yangiliklar

Xalqaro atom energiyasi agentligi milliy yadro infratuzilmasini kompleks baholash bo‘yicha INIR missiyasi “Follow-up” Phase 2 formatida o‘z ishini davom ettirmoqda.
Bugun XAEA ekspertlari hamda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari vakillaridan iborat O‘zbekiston tomoni kunni taqdim etilgan ma’lumotlarni muhokama qilish va missiyaning birinchi kun natijalarini sarhisob etish bilan boshladi.
Kunning birinchi yarmida “Moliyalashtirish va ta’minlash” hamda “Huquqiy asos” yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasida Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasi investitsiyalarini iqtisodiy baholash hujjatlarini ishlab chiqish va yakunlash bo‘yicha batafsil ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xalqaro tajribani, jumladan, Chexiya Respublikasidagi “Dukovani” AESi, Bangladeshdagi “Ruppur” AESi, Vengriyadagi “Paksh-2” AESi, Misrdagi “El-Dabaa” AESi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi Kursk va Leningrad AES-2 loyihalarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, nafaqat bevosita atom sohasida, balki loyihani amalga oshirishga daxldor bo‘lgan turdosh tarmoqlarda ham normativ-huquqiy bazani yaratish masalalari muhokama qilindi.
XAEA O‘zbekiston Respublikasining Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi, Yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi konvensiya, Yadroviy avariya to‘g‘risida zudlik bilan xabardor qilish to‘g‘risidagi konvensiya hamda Yadroviy yoki radiatsiyaviy avariya holatida yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi konvensiya kabi asosiy xalqaro konvensiyalarga qo‘shilganini yuqori baholadi.
Kunning ikkinchi yarmida ekspertlar va O‘zbekiston delegatsiyasi “Kafolatlar” hamda “Normativ-huquqiy baza” yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi. Yadro energetikasi va yadroviy qurolni tarqatmaslik rejimini ta’minlash sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan Xitoy, Vengriya, Belarus va Italiya kabi davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Litsenziyalash, ruxsat berish faoliyati va tartibga solish sohalarida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish masalalari muhokama etildi. XAEA bilan texnik hamkorlik doirasida orttirilgan tajriba regulyator tomonidan normativ hujjatlarni ishlab chiqishda muvaffaqiyatli qo‘llanilgani qayd etildi. Shuningdek, XAEA ekspertlari qo'llab quvvatlash bo'yicha ekspert organi - "Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi" davlat muassasasini tashkil etilganini yuqori baholadi.
Kun yakunida XAEA ekspertlari barcha savollarga to‘liq javob oldi va O‘zbekiston Respublikasining yadro infratuzilmasi bo‘yicha milliy hisobotni tayyorlashga kirishdi.
Eslatib o‘tamiz, 22-iyun kuni missiyaning ochilish marosimi doirasida “Milliy pozitsiya”, “Yadro xavfsizligi” va “Boshqaruv” yo‘nalishlari muhokama qilingan edi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi rasmiy delegatsiyasi tarkibidan missiya rahbari Jon Haddad, missiya koordinatori Fanni Tonos Paniagua va Texnik hamkorlik departamenti vakili Anna Melkumyan o‘rin oldi. Shuningdek, missiyaga XAEAga a’zo davlatlardan xalqaro ekspertlar sifatida Marselo Gomes da Silva (Braziliya) va Anil Bolme (Turkiya) ham qo‘shildi.
Missiya o‘z ishini 26-iyungacha davom ettiradi.






