INNOPROM doirasida bo'lib o'tgan sessiya yakunlari: AES– mahalliylashtirish va yangi ishlab chiqarishlar katalizatori
2026-04-22 09:00:00 / Yangiliklar
21-aprel kuni VI “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekistondagi AES loyihasi: ko‘lami va sanoat uchun imkoniyatlar darchasi” mavzusidagi panel sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, mamlakatdagi birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi allaqachon O‘zbekiston sanoatining o‘sishi uchun haqiqiy katalizatorga aylanmoqda.
Stansiya mamlakat umumiy energiya iste’molining 14 foizgacha qismini toza, barqaror va kam uglerodli energiya bilan ta’minlab, ayni paytda qurilish sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik va boshqa turdosh tarmoqlarni rivojlantirish uchun keng istiqbollar ochib beradi.
AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari Otabek Amanov loyihaning strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi:
“O‘zbekistonda AES qurilishining asosiy omillaridan biri bu- elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalarini ishga tushirish va diversifikatsiya qilish orqali mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashdir. Atom stansiyasi tayanch energetika hamda hududiy iqtisodiyot, qurilish sanoati, elektrotexnika va mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa turdosh sohalar rivojining qudratli drayveridir. Shuningdek, bu infratuzilma obyektlarini rivojlantirish va kadrlar tayyorlashni ham anglatadi”.
“Atomstroyeksport” AJ vitse-prezidenti va O‘zbekistondagi AES qurilishi loyihasi direktori Pavel Bezrukov o‘z nutqida O‘zbekiston biznesini ushbu ishga faol jalb etilishga chaqirdi. Uning qayd etishicha, loyiha O‘zbekistonda, jumladan, Rossiya bilan qo‘shma korxonalar orqali ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan resurslar, uskunalar va materiallarning mahalliy yetkazib beruvchilariga juda muhtoj. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kompaniyalarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatiladi va maksimal darajada preferensiyalar taqdim etiladi.
Loyiha allaqachon amaliy bosqichga o‘tgan, Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida beton quyish ishlari boshlab yuborilgan. Qurilishning eng muhim paytida 13 mingtagacha ish o‘rni yaratilsa, stansiya ishga tushirilgach, ikki mingga yaqin doimiy yuqori malakali mutaxassis ish bilan ta’minlanadi. Bu nafaqat mamlakatning energetika mustaqilligini mustahkamlaydi, balki ilg‘or texnologiyalarni mahalliylashtirish va yangi ishlab chiqarishlarni yaratishga ham kuchli turtki beradi.
Kecha bo‘lib o‘tgan sessiya sanoat uchun imkoniyatlar darchasi keng ochilganini tasdiqladi. O‘zbekiston biznesi loyihada mahsulot yetkazib berishdan tortib, qo‘shma yuqori texnologiyali tashabbuslargacha bo‘lgan yo‘nalishlarda faol ishtirok etishga taklif qilinadi.
