“O‘zatom” “INNOPROM. Markaziy Osiyo — 2026” ko‘rgazmasida: atom energetikasi Yevroosiyoning texnologik landshafti drayveri sifatida
2026-04-21 09:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-aprel kuni Toshkent shahrida “INNOPROM. Markaziy Osiyo — 2026” VI Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “Texnologik xablar — Yevroosiyoning yangi sanoat landshafti” mavzusidagi asosiy yalpi sessiya bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishida Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.
Yalpi sessiyada so‘zga chiqqan Denis Manturov Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi qo‘shma loyihalarning texnologik darajasini oshirishga urg‘u bergan holda uzoq muddatli kooperatsiyaga yo‘naltirilganini ta’kidladi.
“Kompaniyalarimiz makromintaqaning barcha davlatlari bilan uzoq vaqtdan buyon muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritadi. Ularning ishtirokida qiymati qariyb 4 trillion rubl bo‘lgan 150 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. O‘zaro hamkorligimiz yangi, zamonaviy modelga faol o‘tayotganini alohida qayd etmoqchiman”, — dedi Denis Manturov.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, shuningdek, metallurgiya, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil sanoat, gidroenergetika va atom elektr stansiyalari qurilishi kabi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
“O‘zatom” agentligining ko‘rgazmadagi asosiy tadbirda ishtirok etishi atom energetikasining yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish va mintaqaning energetika xavfsizligini ta’minlashdagi strategik ahamiyatini yaqqol ko‘rsatdi. O‘tgan yalpi sessiyaga izoh berar ekan, “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonda bir maydonda katta va kichik quvvatli reaktorlardan iborat atom elektr stansiyasini qurish loyihasi texnologik taraqqiyot, yangi kompetensiyalarni yaratish va mamlakatning sanoat salohiyatini mustahkamlashda kuchli katalizatorga aylanayotganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda atom energetikasi nafaqat ishonchli va ekologik toza energiya manbai, balki innovatsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va chuqur sanoat kooperatsiyasini o‘ziga tortuvchi markaz hamdir”, — deya ta’kidladi “O‘zatom” direktori.
2026-yilning 20–22-aprel kunlari bo‘lib o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan 350 dan ortiq kompaniyani bir maydonga jamladi. Tadbir mintaqaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida allaqachon keng aks-sado berdi va Toshkentning Markaziy Osiyodagi sanoat va texnologik hamkorlikning jadal rivojlanayotgan markazi sifatidagi maqomini tasdiqlamoqda.
“O‘zatom” agentligi xalqaro sheriklikni mustahkamlagan holda hamda O‘zbekiston Respublikasining texnologik va sanoat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan tarzda atom energetikasini rivojlantirish milliy dasturini faol amalga oshirishda davom etadi.
Ma’lumot uchun:
“INNOPROM” — Rossiyaning yetakchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib, 2010-yildan buyon har yili Yekaterinburgda o‘tkazib kelinadi va 15 yildan ortiq vaqtdan beri mamlakatning asosiy sanoat, savdo va eksport platformasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbir ilg‘or texnologiyalarni namoyish etish, sanoat rivojlanishining dolzarb tendensiyalarini muhokama qilish, yangi hamkorlar topish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish uchun hukumat, biznes va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtiradi. O‘tgan yillar davomida ko‘rgazma mintaqaviy loyihadan texnologik yetakchilik va chuqur sanoat kooperatsiyasiga hissa qo‘shadigan keng ko‘lamli xalqaro forum darajasiga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda “INNOPROM” formati mintaqaviy maydonlarga ham muvaffaqiyatli kengaytirildi.
“INNOPROM. Markaziy Osiyo” — Markaziy Osiyo mintaqasidagi savdo-sanoat hamkorligining asosiy tadbiridir.
Ko‘rgazma har yili Toshkentda uch kun davomida o‘tkaziladi, o‘nlab mamlakatlardan yuzlab kompaniyalarni to‘playdi va mashinasozlik, metallurgiya, energetika, raqamlashtirish hamda yuqori texnologiyalar sohalarida davlatlararo kooperatsiyani rivojlantirishga qaratilgan. Shu tariqa, u investitsiyalarni jalb qilish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratib, Markaziy Osiyoning Yevroosiyoning jadal rivojlanayotgan texnologik xabi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
2026-yilda ushbu ko‘rgazma oltinchi marotaba o‘tkazilmoqda va an’anaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi ko‘magida tashkil etilmoqda.
