Mutaxassislar ishtirokida "O‘zbek tili - milliy davlatchiligimiz timsoli" mavzusida ichki davra suhbatlari va seminarlar tashkil etildi
2026-03-10 14:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi tomonidan milliy til va davlatchilik o‘rtasidagi chuqur ma’naviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida o‘zbek tiliga hurmat va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
2026-yil mart oyi davomida Agentlik markaziy apparati va AES qurilishi direksiyasi xodimlari ishtirokida "O‘zbek tili - milliy davlatchiligimiz timsoli" mavzusida ichki davra suhbati va seminar tashkil etildi.
Tadbirlarda yetakchi tilshunos olimlar, davlat tili siyosati bo‘yicha mutaxassislar, tarixchi olimlar, o‘zbek tilining davlatchilik tizimidagi o‘rnini o‘rganayotgan ekspertlar ishtirok etdi. Davra suhbatlarida quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
- O‘zbek tilining ming yillik tarixi va davlat tili sifatida shakllanish jarayonlari.
- Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash borasidagi islohotlar.
- O‘zbek tilining milliy davlatchilik ramzi sifatidagi ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati.
- Hozirgi sharoitda davlat tilini rivojlantirish, uning ilm-fan, rasmiy muloqot va ommaviy kommunikatsiya tili sifatidagi rolini oshirish yo‘llari.
- Xodimlarning kundalik kasbiy faoliyatida davlat tilidan to‘g‘ri va faol foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar.
Seminar va davra suhbatlari savol-javob, qizg‘in bahs-munozara va fikr almashish tarzida o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘zbek tili shunchaki muloqot vositasi emas, balki milliy o‘zlik, davlat mustaqilligi va madaniy merosning eng muhim ramzi ekanini yana bir bor chuqur angladilar.
"O‘zatom" agentligi kelgusida ham o‘zbek tilini rivojlantirish, uning nufuzini oshirish, xodimlarning davlat tilidan foydalanishdagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib boradi.


