FINLYANDIYA SUV FORUMI BILAN MEMORANDUM IMZOLANDI
2025-10-31 10:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, tegishli vazirlik, idoralar rahbarlari, shuningdek ikki mamlakatning 100 dan ziyod kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Savdo-iqtisodiy, investitsion va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylangan anjuman davomida tomonlar o‘zaro savdo hajmi sezilarli o‘sganini qayd etdilar.
Forum yakunida hamkorlikning keng yo‘nalishlarini qamrab olgan 14 ta hujjat imzolandi. Ushbu kelishuvlar qishloq xo‘jaligi va agrosanoat majmuasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, konchilik va geologiya, ekologiya va chiqindini boshqarish, suv resurslari, energetika, farmatsevtika, qurilish, turizm va innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohalarini qamrab olgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Finlyandiya Suv Forumi (Finnish Water Forum, FWF) o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik va suv resurslarini boshqarish sohasida o‘zaro tushunishni muvofiqlashtirish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Memorandumni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev va Finlyandiya Suv Forumi bosh direktori Topi Xelle imzoladi.
Hujjatda, jumladan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ma’lumotlar va tajriba almashinuvi, zamonaviy suvni tejash va raqamli yechimlarni, jumladan monitoring tizimlari va suvdan qayta foydalanish amaliyotlarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, shuningdek kadrlar salohiyatini ta’lim, stajirovka va qo‘shma tadbirlar orqali mustahkamlash nazarda tutilgan.
Axborot xizmati

