“VALLEY VALMONT” KOMPANIYASI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2025-10-03 09:50:00 / Yangiliklar

“VALLEY VALMONT” KOMPANIYASI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev AQShning “Valley Valmont” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kompaniya zamonaviy, tejamkor sug‘orish uskunalarini ishlab chiqaradi. Suvni nasoslar orqali chiqarishdan boshlab, ekin ildiziga yetib borgunga qadar zarur bo‘ladigan sug‘orish tizimlarining kompleks yechimlarini taklif qiladi. Uning mahsulotlaridan 100 dan ziyod mamlakatlarda 12 mln gektar maydonlarda foydalaniladi.
Ushbu kompaniya 2022 yildan buyon O‘zbekistondagi UHM Landtech kompaniyasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini taklif etib kelmoqda.
Uchrashuvda “Valley Valmont” kompaniyasining MDH va Turkiya bo‘yicha tijorat direktori Sergey Stefanov smart sug‘orish uskunalari va O‘zbekiston bozorida kompaniya mahsulotlariga talab haqida fikrlarini bildirdi.
Joriy yil 23 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining umumiy munozaralarida so‘zlagan nutqida mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Uchrashuvda Suv xo‘jaligi vaziri “Valley Valmont” kompaniyasi vakillarini mazkur forumda qatnashishga taklif etdi.
Kompaniya mahsulotlarining texnik iqtisodiy samarasini qayta hisoblab chiqish, mahalliy mahsulotlar qiymati bilan solishtirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bosqichma-bosqich mahalliylashtirish darajasini oshirib borishni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Axborot xizmati



