SUV XO‘JALIGIDA VAZIYATLAR MARKAZI ISHGA TUSHIRILDI
2025-09-23 09:00:00 / Yangiliklar

“Suv xo‘jaligida vaziyatlar markazi”ning ochilish marosimi bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan markaz Toshkent shahar Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasi 1a-uyda joylashgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Hisob palatasi, Suv xo‘jaligi¸ Qishloq xo‘jaligi, Iqtisodiyot va moliya, Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Soliq qo‘mitasi, “Uzinfocom” va aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Z.Ishpo‘latov so‘zga chiqib, Davlatimiz rahbari boshchiligida suv xo‘jaligi tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining sug‘orish suviga bo‘lgan talabini qondirish, mavjud resurslardan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, xususan, soha boshqaruvini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
Yirik o‘lchamli monitorlar bilan jihozlangan ikkita vaziyatlar xonalarida suv va energiya resurslari hisobi hamda suv xo‘jaligi sohasiga ajratilgan mablag‘lardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish bog‘liq jarayonlarning monitoringi yuritiladi.
Buning uchun “Uzinfocom” korxonasi bilan hamkorlikda suv xo‘jaligi sohasiga oid mavjud dasturiy ta’minotlarning texnik holati yaxshilanib, ularni yanada takomillashtirish ishlari amalga oshirildi.
Sohada mavjud barcha dasturiy ta’minotlar ma’lumotlarini yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishlab chiqildi.
Natijada suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kunlik, operativ (tezkor) ma’lumotlarni tunu-kun olish imkoniyati yanada oshirildi, respublikada mavjud 630 mingdan ortiq suv iste’molchilari kesimida suv olish limitlarini belgilash, ularni tuman Xalq deputatlari kengashi bilan kelish jarayonlari to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tkazildi. Shuningdek, suv yetkazib berishda agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan shartnomalarni tuzish va dalolatnomalarni rasmiylashtirishni elektron tizim orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan nasos stansiyalarda o‘rnatilgan 8 058 ta elektr hisoblagichlar ma’lumotlari “Nasos stansiyalari” axborot tizimiga bog‘lanib, sarflanayotgan elektr energiya resurslarini elektron hisobini yuritish imkoniyati yaratildi. Yerlarning meliorativ holatini monitoringini yuritish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini nazorat qilish hamda suv kadastri va suv balanslarini yuritish tizimi takomillashtirildi. Suv xo‘jaligi jarayonlarini bir joydan kuzatish va boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Axborot tizimlari yordamida suv xo‘jaligi obyektlarida o‘rnatilgan 30 mingdan ortiq raqamli qurilmalar ma’lumotlarini kuzatish imkoniyatlari yaxshilandi. Natijada suvni o‘lchash va boshqarish jarayonlarida 20 foizgacha suvning texnik yo‘qolishlari oldi olinmoqda.


