SUVDAN NOQONUNIY FOYDALANAYOTGANLAR ANIQLANIB, TEGISHLI CHORALAR KO‘RILAYAPTI
2025-09-19 10:00:00 / Yangiliklar

Topshiriqqa binoan, boshqarmamiz mutaxassislari tumanlar va hududlarga chiqib suv va suv resurslaridan foydalanish holatini o‘rganish yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazmoqda. Iste’molchilarga suvdan foydalanish madaniyati targ‘ib qilinayapti.
Shu bilan birga, suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanayotganlar tarmoqdan uzilib, holat takror sodir etilsa, aybdorlarga keskin choralar ko‘rilishi va ma’muriy jarimalar qo‘llanilishi yuzasidan ogohlantirilmoqda.
Jumladan, nazoratchilarimiz Jarqo‘rg‘on tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM balansidagi Norali Boymurodov nomli kanalda iste’molchilarga ajratilgan suvdan foydalanish holatini o‘rgandi. Sug‘orish tarmog‘ining PK 04 dan PK 08 piketigacha bo‘lgan oralig‘ida fuqarolar tomonidan kanalning 2-3 joyidan o‘yib, quvur o‘tkazib, o‘zboshimchalik bilan suvni o‘zlariga tegishli dalalarga boshqarib qo‘ygani aniqlandi.
Xuddi shu sug‘orish tarmog‘ining PK 09+20 qismida gidroinshoot o‘rnatmay turib, quvur orqali suv ochib qo‘yilgan. O‘zboshimchalik bilan suvdan foydalanayotgan fuqarolar ogohlantirildi va quvurlar tarmoqdan olib tashlandi. DM mutaxassislariga suvni nazorat qilmayotgani, kanal loyqayu chiqindilarga to‘lib qolgani, kanalning ichi va tashqi qismini g‘umay va boshqa begona o‘tlar bosib, suv ravon oqishiga xalaqit qilayotgani ko‘rsatilib, kanalni zudlik bilan mexanizmlar yordamida tozalash tavsiya qilindi.
Nazoratchilarimiz Jarqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan «Supratosh» nasos stansiyasi orqali chiqarilayotgan suvdan foydalanish holatini o‘rganganda qator kamchiliklar shohidi bo‘ldilar. Jumladan, nasos stansiyasi bosimli quvurining bir necha joyidan ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan zadvijka o‘rnatib suvdan foydalanayotgani oydinlashdi. Nasos stansiyasi xodimlariga holat ko‘rsatildi, hushyorlikni oshirish, beparvo bo‘lmaslik uqtirilib, zadvijkalar olib tashlandi va bosimli quvurning o‘yilgan qismi payvandlandi.
Xodimlarimiz Qiziriq tumanidagi «R-4», Angor tumanidagi «Novshahar» va “Markaz” kanallari hamda Angor tumani markazidagi shohariqda oqib turgan suvdan iste’molchilar foydalanishi yuzasidan reyd tadbiri o‘tkazganda fuqarolar va dehqon xo‘jaliklari tomonidan sug‘orish tarmoqlari o‘rtasiga tuproq bilan to‘ldirilgan qoplar va beton parchalarini bostirib tashlab, suvdan noqonuniy foydalanayotgani aniqlandi. Sug‘orish tarmoqlarining ayrim qismidan mexanizmlar yordamida, bir qismidan esa aybdorlarning qo‘l kuchi yordamida to‘siqlar olib tashlandi va holat qayta takrorlangan taqdirda ma’muriy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirish berildi.
«To‘palang-Qoratog‘» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli kanallarda oqib turgan suvdan fuqarolar va dehqon xo‘jaliklari tomonidan goh nasos agregati o‘rnatib, goh quloq ochib, o‘zboshimchalik bilan foydalanish holatlari deyarli har kuni sodir etilayapti. Masalan, «Hazorbog‘» kanalidan suv oluvchi «Mingjar-2» kanalining umumiy uzunligi 15,9 kilometr bo‘lib, kanalning yuqori qismi Oltinsoy tumanidan boshlanib, quyi qismi Sho‘rchi tumaniga tutashgan. Oltinsoy tumanidan o‘tgan qismida mahalliy fuqarolar tomonidan kanalning bir necha joyida o‘zboshimchalik bilan quloq ochib va to‘siq qo‘yib suvdan noqonuniy foydalanayotgani aniqlandi hamda nazoratchilarimiz rahbarligida quloqlar yopilib, to‘siqlar olib tashlandi.
Qisqasi, mutaxassislarimiz kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlariga yetkazib berilayotgan obihayotdan iste’molchilarning samarali hamda maqsadli foydalanishini qat’iy nazorat qilish bilan birga suv va suv resurslaridan foydalanishda belgilangan tartib-tamoyillarga qat’iy rioya qilmayotgan iste’molchilar va o‘zboshimcha fuqarolarga nisbatan tegishli choralar ko‘rayapti.
Shuhrat Suyundikov,
«Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i
