Korrupsiyaga qarshi kurashish - har bir xodimning mas’uliyati
2026-07-17 19:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, havza boshqarmasi, «To‘palang–Qoratog‘», «Surxon–Sherobod» va «Amu–Zang» irrigatsiya tizimi boshqarmalari, Suv nazorati inspeksiyasi, Meliorativ ekspeditsiya, Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi rahbarlari hamda «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminarni ochgan Amudaryo–Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Botir Alimov korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, har bir rahbar va xodim o‘z faoliyatida qonun ustuvorligi, halollik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilishi zarurligini qayd etdi.
Suv xo‘jaligi vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati bo‘limi boshlig‘i Oybek Abdug‘aniyev korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, davlat xaridlarida ochiqlikni ta’minlash va raqamli yechimlar orqali inson omilini kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, amaliy misollar asosida korrupsiyaviy holatlar tahlil qilinib, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.





