Inson resurslarini rivojlantirish tizimini takomillashtirish – samarali boshqaruv va taraqqiyot omili
2026-06-23 08:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda agentlik tizimida 36 mingdan ortiq xodim mehnat qilmoqda. Ularning 911 nafarini davlat fuqarolik xizmatchilari tashkil etadi. Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari hamda zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish xodimlardan doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishni talab etmoqda.
Shu maqsadda agentlik tizimida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va rahbarlik salohiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2025-yil davomida agentlik tizimidagi 438 nafar davlat xizmatchisi Boshqaruv samaradorligi agentligi tizimida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi. 2026-yilning birinchi yarmida esa yana 232 nafar xodim mazkur kurslarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirdi.
Bu ko‘rsatkichlar davlat xizmatchilarini uzluksiz o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganidan dalolat beradi. Malaka oshirish jarayonlarida strategik rejalashtirish, zamonaviy menejment, liderlik ko‘nikmalari, davlat xizmatining odob-axloq qoidalari, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va jamoa bilan ishlash kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Inson resurslarini rivojlantirishning muhim jihatlaridan biri – kompetensiyalarga asoslangan yondashuvni joriy etishdir. Bunda har bir lavozim uchun zarur bilim, ko‘nikma va kasbiy sifatlar belgilanib, xodimlarning rivojlanish trayektoriyasi shakllantiriladi. Bu esa kadrlarning xizmat faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga, ularning kasbiy o‘sishi uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Shuningdek, agentlik tizimida istiqbolli kadrlarni aniqlash, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash va kadrlar zaxirasini shakllantirish ishlari ham izchil olib borilmoqda. Kadrlar zaxirasi tizimi rahbar kadrlar almashinuvining uzluksizligini ta’minlash, boshqaruv qarorlarining samaradorligini oshirish hamda sohadagi institutsional barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini inson resurslarini boshqarish tizimiga joriy etish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Elektron ma’lumotlar bazasi, onlayn ta’lim platformalari, raqamli baholash mexanizmlari va HR-analitika vositalari kadrlar bilan ishlash jarayonlarini yanada takomillashtirish imkonini bermoqda.
Inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida xodimlarning kasbiy salohiyati yuksalmoqda, mehnat unumdorligi va xizmatlar sifati oshmoqda, innovatsion g‘oyalar va tashabbuslar ko‘paymoqda. Eng muhimi, sohada olib borilayotgan islohotlarning samarali ijrosini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar korpusi shakllanmoqda.
Mamlakatimizda davlat xizmatini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va samarali boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan islohotlar doirasida agentlik tizimida ham kadrlar siyosati izchil takomillashtirilmoqda. Inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiyalar nafaqat tashkilotning, balki butun suv xo‘jaligi sohasining barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Jalol To‘xtayev,
Suv xo‘jaligi obyektlarini
ekspluatatsiya qilish agentligi
Inson resurslarini rivojlantirish
va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i
