Xitoy kompaniyalari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi
2026-06-16 19:30:00 / Yangiliklar

Xususan, tadbirda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari – suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov qatnashdi.
Ayni kunlarda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida Xitoy kompaniyasini jalb qilgan holda suv boshqaruvini avtomatlashtirilgan aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha yirik loyiha hamda Toshkent viloyatining Piskent tumanida Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda xitoylik olimlar hamkorligida sun’iy intellekt loyihasi amalga oshirilayapti.
Ushbu innovatsion loyiha doirasida kanallarda avtomatlashtirilgan gidrotexnik qurilmalari va intellektual sensorli monitoring tizimlari o‘rnatilmoqda. Eng asosiysi, sun’iy intellekt algoritmlari suv oqimi va sarfini real vaqt rejimida tahlil qilib, suv taqsimotini inson omilisiz, avtomatlashtirilgan va eng maqbul tarzda boshqarish imkoniyati yaratiladi.
Muloqot chog‘ida ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda suv tejovchi zamonaviy uskunalar va raqamli suv o‘lchash asboblarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalarni tashkil etish, kanallarni betonlash va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishda Xitoyning innovatsion yechimlari va “Smart Water” (Aqlli suv) tizimlarini birgalikda joriy etish, o‘zbek olimlari, muhandislari va mutaxassislarini Xitoyning yetakchi suv xo‘jaligi markazlarida o‘qitish va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.




