Vazirning birinchi o‘rinbosari “Suyenli” nasos stansiyasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi
2026-06-10 09:45:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida nasos stansiyasining ishlab chiqarish faoliyati, mavjud texnik holati hamda obyektda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari ko‘zdan kechirildi. Xususan, stansiya hududida barpo etilayotgan quvvati 1000 kVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mazkur loyiha nasos stansiyalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qisman qoplash, energiya xarajatlarini kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyihaning amalga oshirilishi nasos stansiyalarining ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif chog‘ida texnik shartlar olish, elektr tarmoqlariga ulanish va loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar ham joyida ko‘rib chiqildi. Mas’ul tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda mavjud muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Shuningdek, nasos stansiyasidagi eskirgan nasos agregatlarini zamonaviy, energiya tejamkor qurilmalarga almashtirish ishlarining borishi ham o‘rganildi. Bu borada energiya tejamkorligini oshirish, jihozlardan samarali foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif davomida obyekt hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda mehnat jamoalari uchun munosib sharoitlar yaratish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.






