Aqlli sug‘orish va ekologik yechimlar: seminar ishtirokchilari xalqaro ko‘rgazma bilan tanishdilar
2026-06-03 10:40:00 / Yangiliklar

Seminar doirasida ishtirokchilar Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini borib ko‘rdilar.
Mazkur ko‘rgazmada atrof-muhitni muhofaza qilish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda “yashil” texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan innovatsion ishlanmalar namoyish etilmoqda.
Suv resurslarining nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki ekotizimlar barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi farovonligini ta’minlashdagi o‘rni haqida ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, suvdan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bugungi kunda ekologik muammolarni hal etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Ishtirokchilar ko‘rgazmada namoyish etilgan “Smart Drip Irrigation System” — aqlli tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bilan ham tanishdilar.
Shuningdek, Aqlli tomchilatib chug‘orish texnologiyasi bilan ham tanishildi. Ushbu texnologiya pomidor va kartoshka kabi sabzavot ekinlariga mo‘ljallangan bo‘lib, mahsulot yetishtirish jarayonida suv tejamkorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Texnologiya sun’iy intellekt yordamida inson omilisiz tuproq namligi, havo harorati hamda ekinlarning holatini maxsus sensorlar orqali muntazam kuzatib boradi va olingan ma’lumotlar asosida sug‘orish jarayonini avtomatik ravishda tashkil qiladi.
Tizim mobil ilova va intellektual kontroller orqali masofadan turib boshqariladi. E’tiborli jihati, ushbu texnologiya mahalliy xom ashyo va butlovchi qismlar asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda.
Ko‘rgazmada shuningdek mahalliy sharoitga moslashtirilgan “SM-1 Controller Project” loyihasi ham namoyish qilindi. Ushbu qurilma import qilinayotgan boshqaruv kontrollerlari o‘rnini bosish, ularning tannarxini pasaytirish va texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Ko‘rgazma davomida seminar ishtirokchilari innovatsion ishlanmalar, suv tejovchi texnologiyalar va ekologik yechimlar yuzasidan mutaxassislar hamda ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Axborot xizmati.









