Suv muammosi – global va mintaqaviy xavfsizlik uchun tahdid
2026-05-31 14:00:00 / Yangiliklar

Davra suhbati ishtirokchilari suv resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklanishi ijtimoiy-iqtisodiy keskinlikni kuchaytirishi, ayrim hududlarda esa davlatlararo va ichki nizolar uchun omilga aylanishi mumkinligini ta’kidladilar. Shu nuqtayi nazardan suv xavfsizligi masalasi xalqaro kun tartibidagi ustuvor mavzulardan biri sifatida baholandi.
Muhokamalarda suv omili siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mintaqalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish, suv resurslarini adolatli taqsimlash hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish masalalari dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Ilhom Jo‘rayev ishtirok etib, Markaziy Osiyodagi suv xavfsizligi bilan bog‘liq asosiy tahdidlar hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berdi.
Shu bilan birga, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanishni ta’minlash, xalqaro tashkilotlar hamda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash suv xavfsizligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri ekanini bildirdi.
Muhokamalar yakunida suv muammosini hal etish xalqaro hamkorlik va innovatsion yondashuvlarni talab qiluvchi ustuvor vazifa ekani e’tirof etildi.


