Energiya tejamkorlik — nasos stansiyalari samaradorligini oshirishning muhim omili
2026-05-30 08:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi tasarrufidagi 1 698 ta nasos stansiyasidagi 5 204 ta nasos agregati hamda 8 256 ta tik quduq orqali respublikadagi sug‘oriladigan yer maydonlarining 55 foizdan ortiq qismi suv bilan ta’minlanmoqda.
Mazkur raqamlar nasos xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyoti, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi barqarorligidagi ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Biroq nasos stansiyalarining faoliyati katta hajmdagi elektr energiyasi sarfi bilan bog‘liq. Suvni yuqori nuqtalarga ko‘tarish, magistral tarmoqlar orqali uzoq masofalarga uzatish va katta hajmlarda taqsimlash jarayonlari yuqori energiya sarfini talab etadi. Shu bois nasos stansiyalarida energiya tejamkorlikni ta’minlash nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki suv xo‘jaligi tizimining barqaror ishlashini ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu vazifalar suv xo‘jaligi sohasida ham izchil amalga oshirilmoqda. Chunki nasos stansiyalarida sarflanadigan har bir kilovatt-soat elektr energiyasini tejash sohadagi ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish bilan birga ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Xususan, agar 2017-yilda nasos stansiyalarida 8,3 milliard kVt soat elektr energiyasi sarflangan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 6,2 milliard kVt soatgacha kamaytirildi. Natijada qariyb 25 foiz elektr energiyasi tejalishiga erishildi.
Energiya samaradorligini baholovchi muhim ko‘rsatkichlardan biri — ma’lum hajmdagi suvni chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi miqdoridir. Agar 2017-yilda nasos stansiyalari yordamida 1000 kub metr suv chiqarish uchun o‘rtacha 133,3 kVt soat elektr energiyasi sarflangan bo‘lsa, energiya tejamkorlik choralari natijasida 2025-yilda bu ko‘rsatkich 118 kVt soatga tushirildi. Bu nasos stansiyalarining texnik va energetik samaradorligi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.
Erishilgan natijalar, avvalo, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va eskirgan jihozlarni bosqichma-bosqich yangilash ishlari bilan bog‘liq. Xususan, 2017–2025-yillar davomida ma’nan va jismonan eskirgan 1 563 ta nasos agregati hamda 2 369 ta elektrodvigatel zamonaviy energiya samarador uskunalarga almashtirildi. Bunday qurilmalar kamroq elektr energiyasi sarflagan holda yuqori ish unumdorligini ta’minlamoqda.
Shu bilan birga, energiya sarfini optimallashtirishga xizmat qiluvchi zamonaviy qurilmalar ham keng joriy etildi. Jumladan, nasos stansiyalariga 1 174 ta kondensator qurilmasi va 1 013 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma o‘rnatildi. Bu qurilmalar elektr energiyasidan samarali foydalanish, nasos agregatlarining ish rejimini avtomatik boshqarish hamda ortiqcha energiya sarfining oldini olish imkonini bermoqda.
Yashil energetikani rivojlantirish ham sohadagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda nasos stansiyalarida 3 312 ta quyosh fotoelektr paneli o‘rnatildi. Shuningdek, 28 681 dona yoritish moslamasi energiya tejamkor LED lampalarga almashtirildi. Bu esa obyektlarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qisman qayta tiklanuvchi energiya hisobidan qoplash imkonini bermoqda.
Energiya tejamkorlik sohasidagi ishlar tizimli asosda tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PQ–4779-son qaroriga muvofiq, 2020–2025-yillar davomida vazirlik tasarrufidagi 23 ta yirik nasos stansiyasida energoaudit tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur tahlillar har bir obyektda energiya yo‘qotish manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash imkonini berdi.
Bu boradagi ishlar mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlari bilan ham uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor vazifalari doirasida suv xo‘jaligi obyektlarida energiya samaradorligini oshirish va “yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy etish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Hujjatda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor nasos agregatlari va elektrodvigatellarni bosqichma-bosqich joriy etish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish orqali elektr energiyasi iste’molini qisqartirish vazifalari nazarda tutilgan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida keyingi yillarda amaliy ishlar yanada jadallashtirildi. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 15-avgustdagi ““O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025—2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2025-yilning o‘zida 157 ta nasos agregati va 166 ta elektrodvigatel yangilandi. Shuningdek, 165 ta kondensator qurilmasi, 135 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma, quvvati 752 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr panellari hamda 27 ta quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatildi.
Sohada raqamlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda tik quduqlarda suv hisobini aniq yuritish maqsadida 2 000 dona suv hisoblash qurilmasini xarid qilish va o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va hisob-kitob tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
2026-yilda ham nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Rejaga muvofiq, 156 ta nasos agregati va 149 ta elektrodvigatel yangilanishi belgilangan bo‘lib, hozirga qadar 128 ta nasos va 138 ta elektrodvigatel xarid qilinib, ularni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, nasos stansiyalarida energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida 2 850 ta LED lampa, 84 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma, 67 ta kondensator qurilmasi, quvvati 730 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr panellari hamda 26 ta quyosh suv isitish qurilmasini o‘rnatish rejalashtirilgan. Ayni paytda mazkur ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1 556 ta LED lampa, 46 ta kondensator qurilmasi, 37 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma, quvvati 770 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr panellari va 12 ta quyosh suv isitish qurilmasi xarid qilinib, o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Nasos stansiyalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar faqat jihozlarni almashtirish bilan cheklanib qolmayapti. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-noyabrdagi qarori asosida Surxondaryo viloyatidagi 17 ta va Samarqand viloyatidagi 1 ta nasos stansiyasida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar yakunlangach, mazkur obyektlarning ishonchliligi, ish unumdorligi va energiya samaradorligi yanada ortadi.
Bugungi kunda energiya tejamkorlik nasos stansiyalari faoliyati samaradorligining asosiy mezonlaridan biriga aylanmoqda. Chunki har bir tejalgan kilovatt-soat elektr energiyasi soha xarajatlarini qisqartirish, suv ta’minoti ishonchliligini oshirish va atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirni kamaytirish imkonini beradi. Shu ma’noda, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar va yashil energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimining barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Otabek Abdullayev,
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i
