Xatirchida tomorqalarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda
2026-05-19 08:05:00 / Yangiliklar

Xususan, aholi o‘rtasida suvni tejab ishlatish madaniyatini shakllantirish, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish hamda zamonaviy sug‘orish usullarini ommalashtirish maqsadida joylarda tushuntirish va amaliy ko‘mak ishlari tashkil etilmoqda.
Shu doirada Xatirchi tumanidagi “Dehqonobod” mahallasida Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari tomonidan amaliy tashrif o‘tkazildi. Tashrif davomida Jaynarov Jasur xonadonida tashkil etilgan qulupnay yetishtirish faoliyati o‘rganildi.
Ma’lum qilinishicha, xonadonning 10 sotiq maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, bu suvdan tejamkor va samarali foydalanishning amaliy namunasi sifatida e’tirof etildi.
Mutaxassislar aholiga tomchilatib sug‘orishning afzalliklari, suv sarfini kamaytirish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Joriy yilda Navoiy viloyati bo‘yicha 13 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Bu borada tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, diskret texnologiyalar, egiluvchan quvurlar hamda lazerli tekislash kabi zamonaviy usullar keng qo‘llanilmoqda.
Bunday tashabbuslar suv resurslarini tejash, yer unumdorligini oshirish va aholi daromadlarini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



