Prezident farmoniga sharh
2026-05-18 12:15:00 / Yangiliklar

Yangi tizim ijobiy natijalarini berdi. Endilikda ushbu amaliyot respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etiladi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2026-yil 24-aprelda imzolagngan “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-68-son Farmonida shu bilan bog‘liq mexanizmlar belgilab berilgan.
Farmonda:
yerdan foydalanish ixtisosligi oldindan belgilanib, elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilgan va uzoq davrdan beri sotilmay turgan 117,6 ming gektar yer uchastkalarini yangi tizim asosida qaytadan auksion savdolariga chiqarish;
har bir hududda kamida 5 tadan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega hamda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga asoslangan sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil etishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Farmonda suv ta’minoti bilan bog‘liq vazifalar belgilangan. Xususan, suv ta’minoti og‘ir va foydalanishdan chiqqan yer uchastkalari ularning suv ta’minoti yaxshilanib, tuman (shahar) hokimliklari va boshqa sub’ektlar tomonidan yangidan o‘zlashtirilgan va qayta foydalanishga kiritilganidan so‘ng yoki yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish sharti bilan auksion savdolariga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi «Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan yer uchastkalarining suv ta’minotini yaxshilash, yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritishga qaratilgan dastur ishlab chiqiladi. Bunda:
Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlanadi;
Dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sotishdan va investorlarga ikkilamchi ijaraga berishdan hamda nobudgarchilik o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh turgan holda suv ta’minoti yaxshilangan, yangidan o‘zlashtirilgan va qayta foydalanishga kiritilgan yer uchastkalari yangi tizim asosida auksion savdolariga chiqariladi.
Shu bilan birga, 2027-yildan boshlab sholi yetishtirishda an’anaviy (sepma) usuldan to‘liq voz kechib, sholini faqat lazerli tekislangan maydonlarga ko‘chat usulida hamda zamonaviy don ekish seyalkalari orqali ekish tartibi joriy etiladi;
yer uchastkalarini yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritishga ushbu tadbirlar uchun zarur bo‘lgan suv hajmi shu hududdagi mavjud suv resurslari balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi to‘g‘risida Suv xo‘jaligi vazirligining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.
Quyidagi hollarda suv iste’molchilariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni 2 baravar oshirilgan stavkada hisoblash tartibi joriy etiladi:
2027-yildan boshlab sholi yetishtirishda an’anaviy (sepma) usulda ekish holatlari aniqlanganda;
2027-yildan boshlab sholi yetishtiriladigan va baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlari hamda 2030 yildan boshlab qolgan barcha yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida sug‘orish suvini hisobga olish tizimi, xususan «aqlli» suv o‘lchash va hisoblash vositalari bilan jihozlanmagan hamda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmagan holatlar aniqlanganda.
Ushbu Farmon qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini keng joriy qilish, ijaraga oluvchilarning ekinlarni joylashtirishdagi mustaqilligini ta’minlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga qaratilgan islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
