Suv xo‘jaligida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash — ustuvor vazifa
2026-05-14 12:20:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlashdek muhim vazifani bajarayotgan suv xo‘jaligi tizimida ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi tizimida ham byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tasarrufdagi tashkilotlarda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar natijasida suv xo‘jaligi tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi yanada ixchamlashtirildi, takrorlanuvchi funksiyalar qisqartirildi va byurokratik jarayonlarga chek qo‘yildi.
Korrupsiyaning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va bartaraf etish maqsadida 15 dan ortiq ichki idoraviy hujjat qayta ko‘rib chiqilib, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.
Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlarning huquqiy bilimi va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilning 1-choragi davomida joylarda 96 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari, seminarlar va profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi.
Jumladan, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 38 ta nazorat tadbiri va 14 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, aniqlangan har bir holat bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sirchan choralar ko‘rildi.
Shuningdek, Agentlik tizimida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan maqsadli hamda samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida to‘lov jarayonlarini masofaviy nazorat va monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Natijada, birgina 2026-yilning 1-choragida 4,65 mlrd so‘m byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Agentlik direktorining 2026-yil 24-apreldagi 33-sonli buyrug‘iga asosan joriy yilning 1-mayidan boshlab tizimda amalga oshirilayotgan asosiy vositalar xaridining qonuniyligi va asosliligi bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining majburiy xulosasi olingandan keyingina xarid jarayonlarini amalga oshirish tartibi joriy etildi.
Albatta, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, korrupsiyani to‘liq bartaraf etish uchun hali oldimizda muhim vazifalar turibdi. Shu bois tizimda saqlanib qolayotgan muammolarni tahlil qilish, ularning sabablarini bartaraf etish va ta’sirchan mexanizmlarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, prezidentimiz ta’kidlaganidek, bizning jamiyatda bu illatga mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi uchun qattiq kurashamiz, mana shunday prinsipial qarash jamiyatimiz hayotida mustahkam qaror topishi uchun barchamiz birgalikda qat’iy harakat qilishimiz zarur hisoblanadi.
Saidakbar Xodjiyev,
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya
qilish agentligining Korrupsiyaga qarshi
ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i.
