Qoraqalpog‘istonda mini futbol bo‘yicha "Vazir kubogi" o‘tkazildi
2026-04-27 09:10:00 / Yangiliklar

Zero, sport bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch ekanini davlatimiz rahbari doim ta’kidlaydi. Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri kubogi uchun mini-futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Unda tizimga qarashli tashkilotlardan jami 22 ta jamoa ishtirok etdi.
Musobaqa doirasidagi uchrashuvlar keskin va murosasiz ruhda kechib, jamoalar o‘rtasida qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.
Yakuniy bahslarda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi jamoasi raqiblaridan ustun kelib, Vazir kubogi sohibiga aylandi.
Xo‘jayli tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi hamda Melioratsiya jamoalariga esa ikkinchi va uchinchi o‘rinlar nasib qildi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur musobaqa tizim xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash hamda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda.




