OTB ishtirokida Surxondaryoda Bobotog‘ kanali modernizatsiya qilinmoqda
2026-05-02 13:50:00 / Yangiliklar

Ayni paytda viloyati jami qiymati 15,2 mln dollar bo‘lgan 2 ta yirik obyektda qurilish va rekonstruksiya ishlari belgilangan. Bugungi kunga qadar mazkur obyektlarda 5 mln dollarga yaqin mablag‘ o‘zlashtirilgan.
“Bobotog‘ magistral kanalini modernizatsiya qilish va undagi gidrotexnik inshootlarni qayta tiklash” loyihasi doirasida Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlari hududidan o‘tuvchi Bobotog‘ kanalining jami 43,1 kilometr qismi qamrab olingan bo‘lib, shundan 20,5 kilometr qismini betonlash hamda 114 ta gidrotexnik inshootni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Hozirga qadar 10,4 kilometr kanal betonlanib, 34 ta gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, kanalning PK263+12 qismida suv o‘tkazish quvvati soniyasiga 20 kub metrni tashkil etuvchi, qiymati 98 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan yangi suv to‘suvchi inshoot qurilishi to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Qurilish jarayonlariga 210 nafardan ortiq ishchi hamda 70 ta maxsus texnika jalb etilgan.
Shuningdek, kanal bo‘ylab suv olish quloqlari uchun zarur bo‘lgan temirbeton quvurlar va metall darvozalarni ishlab chiqarish ishlari deyarli yakunlanib, tayyor mahsulotlar bosqichma-bosqich obyekt hududiga yetkazib berilmoqda.
Hozirda loyiha doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan MK-1-1 kanalida ham modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu obyekt bo‘yicha 6 kilometr kanalni betonlash, 28 ta gidrotexnik inshootni rekonstruksiya qilish, 47,3 kilometr metall va polietilen quvurlar yotqizish rejalashtirilgan.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida Surxondaryo viloyatidagi 18,6 ming gektar maydonning suv yo‘qotishlari kamayib, sug‘orish tizimlarining samaradorligi oshishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror suv bilan ta’minlash imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda.
