Bo‘zatovda zamonaviy nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi
2026-04-30 14:30:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 5-dekabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Amudaryoning Bo‘zatov tumani hududidan o‘tuvchi qismida quvvati 3 m³/sek bo‘lgan NDN-24 nasos agregatlarini o‘rnatish loyihasi davlat dasturiga kiritilgan. Dastur ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur obyektda “Voris China” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilib, kuni kecha to‘liq yakunlandi.
Tantanali ochilish marosimida Suv xo‘jaligi vazirligi, tuman hokimligi mas’ullari, nuroniylar, fermerlar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bo‘zatov tumani hokimi B.Ubbiniyazov, “Suvxo‘jaliknazorat ” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Irisboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Madireymov, “Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest” DM direktori v.b. A. Kaypov va boshqalar tomonidan mazkur loyiha hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sanitariya holatini yaxshilash hamda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Qayd etish lozim, loyiha doirasida NDN-24 nasos agregatlarining o‘rnatilishi natijasida tumandagi 1,5 ming nafar aholining 210 gektar tomorqa yer maydonlari, 2,8 ming gektar sug‘oriladigan yerlar hamda 3,5 ming gektar yaylov maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyati yanada yaxshilanadi.
Ushbu ishlarga qurilish boshidan jami 13 mlrd 223 mln so‘m mablag‘ sarflandi. Hozirda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan agregatlar soz holatda saqlanib, hududning suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida ramziy tasma kesilib, nuroniylar duosi bilan nasos agregatlari ishga tushirildi hamda ishtirokchilar yangi barpo etilgan nasos stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bunday loyihalar Bo‘zatov tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga kuchli turtki berib, aholi farovonligini oshirish, qishloq xo‘jaligi samaradorligini yuksaltirish hamda hududda barqaror suv ta’minotini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.









