Qoraqalpog‘istonda irrigatsiya va melioratsiya obyektlari holati o‘rganilmoqda
2026-04-28 08:20:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, ishchi guruh a’zosi Zafar Irisboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi A. Jumanazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Madireymov, “Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest” DM direktori vazifasini bajaruvchi A. Kaipov hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda suv xo‘jaligi sohasida qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari hududlarga chiqqan holda amaliy o‘rganish ishlarini olib bordi. Jumladan, Nukus shahridagi “Tele oray” MFYda aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash ishlari ko‘zdan kechirilib, mahalla faollari va aholi bilan muloqot qilindi.
Taxiatosh tumanida “Eski Keneges” kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishildi. Suv xo‘jaligi mas’ullari ushbu kanalni betonlashtirish natijasida suvdan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarni kamaytirish, kanal o‘zi oqar tizimiga o‘tkazilgach nasos agregatlarining to‘xtatilish natijasida tejalgan elektr energiyasi kabi ko‘rsatgichlar bo‘yicha ma’lumotlar berishdi.
Ishchi guruh a’zolari Xo‘jayli tumanidagi “Oybek” nasos stansiyasini borib ko‘rdi. Mazkur nasos stansiyasi 680 gektar maydonga xizmat ko‘rsatadi.
Ma’lumot berilishicha, mavjud nasos agregatlari energiya tejamkorlariga almashtirilmoqda.
Jumladan, “Oybek” nasos stansiyasidagi ikki dona nasos agregati yangisiga almashtirildi va elektr energiya tejalishiga erishilmoqda.
Mas’ullar ushbu tumandagi “Tajimurat Utambetov” fermer xo‘jaligida joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalarni ko‘zdan kechirishdi. Unda energiya tejamkor nasos uskunalarini joriy etish va sug‘orish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi guruh hududlardagi melioratsiya obyektlari, jumladan, fermer xo‘jaliklari yerlaridagi kollektor-drenaj tarmoqlari holatini ham o‘rgandi. O‘rganishlar jarayonida mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish, kollektorlarni tozalash va ta’mirlash, suv chiqarish tizimlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar suv resurslaridan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ish rejasiga muvofiq, Ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘istondagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.




