Sport — sog‘lom va yuksak natijalar omili
2026-04-14 13:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, turli soha xodimlarini sportga keng jalb etish orqali ularning salomatligini mustahkamlash, ish unumdorligini oshirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur musobaqa ham aynan shu ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilib, unda boshqarma tasarrufidagi turli uchastka jamoalaridan jami 6 ta jamoa faol ishtirok etdi.
Bellashuvlar yuqori kayfiyat, kuchli ishtiyoq va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Har bir jamoa g‘alaba sari intilib, o‘zining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoaviy o‘yin uslubini namoyon etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi Navbahor uchastkasi jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni boshqarma jamoasi egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin Xatirchi uchastkasi jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ushbu musobaqa nafaqat sport bayrami, balki jamoa a’zolari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobatni yanada mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shubhasiz, bunday sport tadbirlarining muntazam o‘tkazilishi xodimlarning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng yoyish hamda kelgusida yanada yuksak natijalarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.



