O‘zbekiston suv siyosatida yangi bosqich: 389 km kanal betonlashtiriladi
2026-03-06 12:20:00 / Yangiliklar

Buning yana bir amaliy tasdig‘i sifatida Prezidentimizning “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2026-yil 5-martdagi qarori imzolandi.
Qaror bilan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 km kanallarni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish belgilangan. Bunda:
yiliga o‘rtacha 206 mln metr kub suv resurslarini hamda 26 mln kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish;
sug‘oriladigan 159 ming gektar yerlarning suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Qarorga binoan, suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar uchun 2026-yilning I choragi yakunlari bilan respublika byudjetida shakllanishi kutilayotgan qo‘shimcha daromadlar hisobidan 600 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Xususan,
kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 480 mlrd so‘m;
suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:
kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxati;
joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, hukumatga kiritadi.
Sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash (betonlashtirish) ishlari birinchi navbatda, “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida avval betonlashtirilgan yoki betonlashtirish boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlarda amalga oshirilishiga e’tibor qaratiladi.
Qarorda belgilangan tadbirlar natijasida 159 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi. Sug‘orish tarmoqlarining suv o‘tkazish qobiliyati 20 foizgacha oshadi va suvning dalaga yetib borish vaqti 2-3 barobarga qisqaradi.
Ushbu qaror mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiquvchi hujjat bo‘ldi. Uning ijrosini ta’minlash orqali suv tanqisligi xavfini 20-30 foizgacha kamaytirishga, o‘rtacha hosildorlikni 20-30 foizga, mahsulot yetishtirish hajmini esa 15-25 foizga ko‘paytirishga erishiladi.
