“Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi!”
2026-02-16 09:45:00 / Yangiliklar

Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, adolat va qonun ustuvorligini zaiflashtiradigan jiddiy tahdiddir. Shu bois mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida “favqulodda holat” e’lon qilingani bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi tizimida ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ichki nazorat bo‘limlari tashkil etildi, ichki hujjatlar takomillashtirildi, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.
O‘tgan yilda ma’muriy islohotlar doirasida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tashkil etilib, takrorlanuvchi funksiyalar bartaraf etildi va suv iste’molchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash mexanizmi joriy qilindi.
Shu bilan birga, korrupsiyani bartaraf etish har birimizdan shaxsiy mas’uliyat va faollikni talab etadi. Korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash, preventiv mexanizmlarni kuchaytirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish bu boradagi ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyatda korrupsiyaga mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish barchamizning umumiy vazifamizdir.
Aziz hamkasblar!
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taraylik!
