Andijonda 2025-yilda suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot o‘tkazildi
2026-01-19 10:20:00 / Yangiliklar

Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Anjumanda havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shuhratbek Ergashev o‘tgan yil davomida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kanallarni betonlash, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, sohani raqamlashtirish, yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash, lazerli tekislash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Qayd etish lozim, bugungi kunda Norin–Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan Andijon viloyatida 273,559 ming gektar, Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida 8,2 ming gektar hamda Osh viloyatida 3,5 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari suv bilan ta’minlanmoqda.
Andijon viloyatida jami sug‘oriladigan ekin maydoni 265 ming gektarni tashkil etadi. 2025-yilda viloyatga jami 2 mlrd 470 mln kub metr suv limiti ajratilgan. Shundan 2 mlrd 207 mln kub metri sug‘orish ishlari uchun, 263 mln kub metri sanoat texnik ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, amalda limitga nisbatan 100 foiz suv yetkazib berildi. Shundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi suv iste’molchilariga 1524 mln.m3 suv yetkazib berildi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish doirasida 2025-yilda jami 49,4 ming gektar maydon qamrab olindi. Tomchilab, yomg‘irlatib, diskret va boshqa turdagi sug‘orish usullari hamda lazerli tekislash hisobiga yoqilg‘i-moylash materiallari 45 foizgacha tejaldi, hosildorlik 15–20 sentnerga oshdi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarining sohaga doir taklif hamda fikr-mulohazalarini bildirdilar, qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.









