Ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi
2025-12-05 18:05:00 / Yangiliklar

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tizimda tashkilot faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Suv xo‘jaligida vaziyatlar markazi faoliyati va xodimlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov qatnashib, davlatimiz rahbari boshchiligida suv xo‘jaligi tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining sug‘orish suviga bo‘lgan talabini qondirish, undan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, soha boshqaruvini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
Markaz yirik o‘lchamli monitorlar bilan jihozlangan bo‘lib, ularda suv va energiya resurslari hisobi hamda suv xo‘jaligi sohasiga ajratilgan mablag‘lardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish bog‘liq jarayonlarning monitoringi yuritiladi.
Tadbir davomida sohada mavjud barcha dasturiy ta’minotlar ma’lumotlarini yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishlab chiqilgani qayd etildi.
- Natijada suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kunlik, operativ (tezkor) ma’lumotlarni tun-kun olish imkoniyati yanada oshirildi, respublikada mavjud 630 mingdan ortiq suv iste’molchilari kesimida suv olish limitlarini belgilash, ularni tuman Xalq deputatlari kengashi bilan kelish jarayonlari to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tkazildi, - deydi Agentlik direktori Zokir Ishpulatov. - Suv yetkazib berishda agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan shartnomalarni tuzish va dalolatnomalarni rasmiylashtirishni elektron tizim orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan nasos stansiyalarda o‘rnatilgan 8 mingdan ortiq elektr hisoblagichlar ma’lumotlari “Nasos stansiyalari” axborot tizimiga bog‘lanib, sarflanayotgan elektr energiya resurslarini elektron hisobini yuritish imkoniyati yaratilgan.
Bu orqali yerlarning meliorativ holati monitoringini yuritish, suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holatini nazorat qilish hamda suv kadastri va suv balanslarini yuritish, suv xo‘jaligi jarayonlarini bir joydan kuzatish mavjud.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.






