Murojaat
2025-10-23 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Sariosiyo tumani hokimi Abduqodir Donaevning 2025-2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan tuman aholisiga murojaati
Hurmatli tumanimiz aholisi va mehmonlari!
Ma’lumki, har yili kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik, elektr va gaz bilan uzluksiz ta’minlash masalasi yurtimiz rahbariyatining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bugun bu yo‘nalishda Sariosiyo tumanida ham keng ko‘lamli amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mavsumga tayyorgarlik jarayonlari barcha sohalarda tizimli ravishda tashkil etildi. Ijtimoiy soha ob’ektlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari to‘liq tayyor holatga keltirildi.
Joriy yilda tumanning 59 ta mahallalarida aholi uchun 4 140 tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 438 tonnasi keltirilib tarqatildi. Tumanda 166 ta ijtimoiy soha muassasalariga esa 5 941 tonna ko‘mir tarqatilib, reja to‘liq bajarildi. Aholi ehtiyojlari uchun ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish ishlari tizimli va rejalari tartibda amalga oshiriladi hamda yuzaga keladigan talabni inobatga olgan holda qo‘shimcha ko‘mir keltirish choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, aholi xonadonlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 41 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi, 119,1 kilometrga yaqin elektr uzatish tarmoqlari yangilandi va joriy ta’mirdan o‘tkazildi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida qator mahallalarda yangi transformatorlar o‘rnatildi, elektr va gaz tarmoqlari yangilandi. Tabiiy gaz ta’minoti tizimidagi nosozliklar bartaraf etildi, 24 kilometrlik gaz quvuri bo‘yalib, tartibga keltirildi.
Shuningdek, tumandagi barcha muhandislik kommunikatsiyalari holati o‘rganilib, ehtimoliy avariya holatlarining oldini olish uchun maxsus tiklash brigadalari shakllantirildi.
Hurmatli tumandoshlar!
Bu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad - aholimizning turmush sharoitida qulaylik yaratish, xonadonlarda issiqlik va yorug‘likni ta’minlash, farzandlarimiz tahsil olayotgan maktablarda, bemorlar shifo izlayotgan shifoxonalarda, aholimiz foydalanadigan ijtimoiy muassasalarda barqarorlikni ta’minlashdir.
Biz har bir soha rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda fuqarolarimiz uchun qulay muhit yaratish, uzluksiz energiya ta’minotini kafolatlash yo‘lida izchil faoliyat yuritmoqdamiz.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-iyuldagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’ektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025-2026 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 453-sonli hamda Surxondaryo viloyati hokimining 2025-yil 28-iyuldagi 417-8-0-Q/25-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2025 yil 26 sentabr kunida Sariosiyo tumani hokimining tegishli qarori ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Qarorga muvofiq
iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish davriga tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman komissiyasi tarkibi tasdiqlanib bu borada ishlar soha kesimida amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 2025-2026 yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish hamda vujudga kelgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida, Sariosiyo tumani hokimligida uzluksiz navbatchilik shtabi tashkil etilgan.
Tumanimizdagi har bir xonadonning kuz-qish mavsumida farovon, tinch va xavfsiz bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan.
Shu munosabat bilan barchangizni mas’uliyatli bo‘lishga, mavsum davomida resurslardan tejamkor foydalanishga, uy va hovlilaringizni tayyor holatda ushlab turishga, is gazi va boshqa ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida kerakli choralarni ko‘rishga chaqirib qolaman.
Buning uchun tumandagi mutasaddi tashkilotlar aholimizga barcha zarur ko‘maklarni ko‘rsatish hamda xavfsizlik choralarini ta’minlash bo‘yicha kerakli ishlarni olib bormoqdalar.
Birgalikda sa’y-harakat qilsak, bu yilgi mavsumni ham tinch, barqaror va samarali o‘tkazishimizga ishonaman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
