Maktablarda ta’lim sifati: natijadorlikni oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
2026-10-22 14:00:00 / Ijtimoiy soha

Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sh.Boboyev hamda tegishli mas’ullar bilan birgalikda tuman markazidan uzoq hududlarda joylashgan Bog‘iston mahallasidagi 53-sonli hamda Marjona mahallasidagi 58-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan, DTM test sinovlarida o‘rtacha bali 56,7 balldan past qayd etilgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini rivojlantirish hamda metodik qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga puxta tayyorlash, fanlar bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, maktablarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish va daraxt ekish ishlari, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.









