SARIOSIYO TUMANI FERMERLARI KENGASHI RAYOSATINING MUROJAATNOMASI
2026-10-05 09:10:00 / Murojaat

Paxta hosilini o‘z vaqtida terib olib, daromadingizni ko‘paytiring, shartnoma majburiyatingizni bajarib, imtiyoz va subsidiyalardan foydalaning!
2026-yil hosili uchun yetishtirilgan paxta dalalaringizda yil davomida olib borilgan agrotexnik tadbirlar jumladan, o‘zingizning tajribangiz hamda qishloq xo‘jaligi xodimlarining va Fermerlar kengashining murojaatnomalari va tavsiyalari natijasida dalangizda katta paxta xirmoni uchun yetarli hosil yaratgansiz.
O‘zbekiston fermerlari kengashi rayosat a’zolari Sizni paxtani qisqa muddatlarda sifatli va to‘liq yig‘ib olish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiradi.
Prezidentimiz tomonidan Siz fermerlarga 2026-yilda paxtani yetishtirish, uni sifatli terib olish va mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun Farmon va qarorlar bilan ko‘plab imtiyozlar berilgan.
2026-yil 28-sentabrdagi PQ-354-sonli qarorga muvofiq 2026-yil hosilini birja savdolari orqali sotgan barcha paxta yetishtiruvchi subyektlarga tonnasiga 500 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi;
2026-yil 12-sentabrdagi PQ-326-sonli qarorga muvofiq dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash uchun 2026-yil 1-iyuldan boshlab 2026-yil 1-dekabrga qadar fermer xo‘jaliklariga tovar-xomashyo birjalaridagi savdolar orqali xarid qilinadigan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 15 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat tomonidan subsidiya beriladi;
Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 8-maydagi PF-82-sonli Farmoni bilan paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizi, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizi qaytarib beriladi;
Fermer xo‘jaligi o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratiladi.
Hurmatli fermer xo‘jaligi rahbari.
Prezidentimiz tomonidan yaratilib berilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanib, paxta terish ishlarini to‘g‘ri tashkil etishga Sizni da’vat etamiz.
Bu borada Sariosiyo tuman fermerlari kengashi Rayosat a’zolari bilan birgalikda o‘zining beminnat yordamini ayamaydi.
Sizdan, kuzning har bir kuni g‘animat ekanligini his qilib, paxtangizni qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olishingizni so‘raymiz. Buning uchun fermer xo‘jaligi a’zolari va ishchilarini terim ishlariga jalb etib, munosib rag‘batlantirib, kichik konturlar va mashinada paxta terishga sharoit yaratish uchun paxta maydonlari chetlarini terishni tashkil eting, mashina terimiga moslab paxta dalalarini terimga tayyorlang, tezroq, sifatli qilib terib olishga chaqiramiz. Terimga jalb etilgan ishchilar va terim mashinalari uchun o‘z vaqtida hisob-kitobni amalga oshiring.
Shuni esda tuting, paxtasi bor, terimga tayyor paxta dalalaringizni aslo sug‘ormang. Paxta yig‘im terimiga jalb etilgan ishchilaringizni mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi talablariga rioya etishini ta’minlang, majburiy mehnatga aslo yo‘l qo‘ymang.
Paxta qabul qilish maskanlarida paxta xomashyosini qabul qilish jarayonida noxolis munosabat bo‘lganda, asossiz chegirmalar qo‘llanilganda, Kengashning biriktirilgan mutaxassislariga murojaat eting va ishonchli tarzda ko‘mak oling.
Bu borada fermerlar kengashi qishloq xo‘jaligi bo‘limi va agroinspeksiya bilan birgalikda Sizning manfaatingizni himoya qilish choralarini ko‘radi.
Qadrli fermerlar, paxtangizni o‘z vaqtida va sifatli terib olib, Prezidentimiz tomonidan fermerlarga yaratib berilgan imtiyozlardan foydalaning va daromadingizni ko‘paytiring!
Tuman Fermerlari kengashi
Rayosati a’zolari
