Paxta yig‘im-terimi va g‘alla ekish masalalari muhokama qilindi
2026-10-02 09:00:00 / Qishloq va suv xo'jaligi

Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yoqubov rahbarligida tuman prokurori B.Oltibayev, tuman IIB boshlig‘i G‘.Xo‘jamqulov, qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mas’ullari, hududlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda paxta hosilini qisqa muddatlarda, nobudgarchiliksiz va sifatli yig‘ib-terib olish, kunlik belgilangan rejalar ijrosini ta’minlash, 2027-yil hosili uchun yerlarni tayyorlash hamda g‘alla ekish ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish vazifalari belgilab olindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–322-son qarori ijrosi doirasida Xidirov hududida amalga oshirilayotgan, 60 bosh yirik shoxli qoramolni boqishga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasidagi qurilish ishlarining borishi ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, mahalla yettiligi a’zolari hamda tegishli mas’ullarga kambag‘allikni qisqartirish, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash, bandlikni ta’minlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida mavsumni samarali tashkil etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va vazifalar yuklatildi.









