Prezident topshiriqlari ijrosi amalda: kambag‘allikni qisqartirishda “Lider tadbirkorlar” tajribasi qo‘llanilmoqda
2026-09-30 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sariosiyo tumanida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda bugun Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov ishtirokida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi mas’ullari, hokim yordamchilari hamda tumandagi salohiyatli “Lider tadbirkorlar” bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, ishsiz aholini band qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi daromadlarini oshirishda “Lider tadbirkorlar” imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ehtiyojmand oilalarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlariga jalb etish, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli va garov ta’minotisiz moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Mas’ullarga har bir mahallada xonadonbay ishlashni kuchaytirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, fuqarolarning bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.









