Surxondaryo va Mogilyov viloyatlari o‘rtasida hududlararo hamkorlik yangi bosqichda rivojlanmoqda
2026-09-08 10:30:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligidagi vohamiz delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Belarus Respublikasiga yetib keldi.
Viloyatimiz rahbari dastlab, Mogilyov viloyatiga tashrif buyurib, Shon-shuhrat maydondagi Abadiy olov yodiga gul qo‘yib, ozodlik va tinchlik yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etdi.
Shundan so‘ng, Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Anatoliy Isachenko va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibda uchrashuvi o‘tkazildi.
Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning tashabbuslari bilan so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda Surxondaryo va Mogilyov viloyatlari o‘rtasida hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani rivojlantirish, shuningdek, mavjud hamkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Jumladan, Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv hamda uni 2026–2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" qabul qilindi. Shuningdek, boshqa ikki tomonlama hamkorlik hujjatlari ham imzolandi.
Mazkur kelishuvlar Surxondaryo va Mogilyov viloyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.









