Profilaktik ogohlantiruvchi murojaat
2026-08-28 07:55:00 / Murojaat

Sariosiyo tumani prokurori Botir Oltibayevning tuman aholisiga profilaktik ogohlantiruvchi murojaati
Hurmatli tuman aholisi!
Sizlarning tinch va osuda hayot kechirishingiz, mol-mulkingiz va qonuniy manfaatlaringizni himoya qilish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muhim vazifalaridan biridir.
Bugungi kunda fuqarolarning mol-mulkiga tajovuz qilish bilan bog‘liq o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlarining oldini olishda har bir fuqaroning hushyorligi va ehtiyotkorligi muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarni o‘z mol-mulkiga nisbatan e’tiborli bo‘lishga, begona shaxslarga ishonib shaxsiy ma’lumotlarini bermaslikka va shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz.
O‘g‘irlikning oldini olish uchun:
uy-joy, avtomashina, do‘kon va boshqa obyektlarni ochiq qoldirmaslik;
xonadon eshiklari, deraza va qulflarining sozligini ta’minlash;
avtomashina salonida qimmatbaho buyumlar va pullarni qoldirmaslik;
telefon, hamyon va boshqa qimmatbaho buyumlarni jamoat joylarida nazoratsiz qoldirmaslik;
uzoq muddatga uydan chiqib ketganda qo‘shnilar va yaqinlar bilan aloqada bo‘lish;
notanish shaxslarning shubhali harakatlariga e’tiborli bo‘lish zarur.
Firibgarlikdan saqlanish uchun esa:
Hech qachon telefon orqali o‘zingizning bank kartasi raqami, kartaga kelgan SMS-kod, PIN-kod, parol va boshqa maxfiy ma’lumotlaringizni begona shaxslarga aytmang.
Ayniqsa, o‘zini bank xodimi, ichki ishlar organi, prokuratura, soliq yoki boshqa davlat idorasi xodimi sifatida tanishtirib, pul yoki karta ma’lumotlarini talab qilayotgan shaxslarga ishonmang.
Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi "oson daromad", "katta yutuq", "arzon narxda tovar", "ishga joylashtirib qo‘yaman", "kredit olib beraman" kabi shubhali takliflarga aldanib qolmang.
Onlayn savdo vaqtida tovar yoki xizmat taklif qilayotgan shaxsni tekshirmasdan turib oldindan pul o‘tkazmang.
Shuningdek, yaqin qarindoshingiz yoki tanishingiz nomidan qo‘ng‘iroq qilib, "shoshilinch pul kerak" degan xabar kelsa, avvalo ushbu ma’lumotning haqiqiyligini boshqa aloqa vositasi orqali tekshiring.
Hurmatli fuqarolar!
Jinoyatchilikning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.
Agar siz o‘g‘irlik, firibgarlik yoki boshqa jinoyat sodir etilayotgani yoki sodir etilishi mumkinligi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, bu haqda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bering.
Hushyorlik — xavfsizlik garovi!
O‘zingizni va yaqinlaringizni jinoyat qurboni bo‘lib qolishdan asrang. Mol-mulkingiz va shaxsiy ma’lumotlaringizni ehtiyot qiling.
