Mustaqillik tuhfalari: Sariosiyoda zamonaviy ta’lim maskani foydalanishga topshirildi
2026-08-25 10:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sariosiyo tumanida Investitsiya dasturi doirasida bunyod etilgan yangi ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda.
Jumladan, Turmush obod mahallasidagi 43-sonli umumta’lim maktabiga qo‘shimcha 300 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur bunyodkorlik ishlari o‘quvchilar uchun qulay ta’lim sharoitlarini yaratish hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga qaratilgan.
Ochilish marosimida Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov, ta’lim sohasi mas’ullari, nuroniylar, maktab jamoasi, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodga yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, yangi o‘quv binosi o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi va kelgusida munosib natijalarga erishishiga zamin yaratishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar yangi o‘quv binosida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.









