Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish borasidagi ishlar o‘rganildi
2026-08-06 08:25:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashish

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umida Tuxtasheva boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sariosiyo tumanidagi “Bo‘yrapusht” mahallasida kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Unda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari G‘.Davlatov, tegishli tashkilotlar mas’ullari hamda mahalla yettiligi a’zolari ishtirok etdi.
Dastlab, mahalla yettiligi va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, “Bo‘yrapusht” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Yig‘ilishda mahalla yettiligining hisobotlari tinglanib, mavjud muammolar, ularni bartaraf etish choralari hamda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan mas’ullarning axborotlari eshitildi.
Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shundan so‘ng ishchi guruh “Bo‘yrapusht” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Barff” MCHJ qo‘shma korxonasining meva sharbatlari ishlab chiqarish loyihasi, Ostona-tepa qabristonida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari hamda 93-sonli umumta’lim maktabi negizida tashkil etilgan 40-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan shart-sharoitlar o’rganildi.
O‘rganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq topshiriq va tavsiyalar berildi.









