Respublika ishchi guruhi tomonidan yoshlar masalalariga oid ustuvor vazifalar muhokama qilindi
2026-08-03 07:55:00 / Yangiliklar

Sariosiyo tumani hokimligida Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Unda, O‘zsanoatqurilishbanki ATB vakili A.Luqmonov, Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari hamda sohaga mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda otaliqqa olingan yoshlar bilan manzilli ishlash, shuningdek, "Yoshlar daftari" doirasidagi vazifalar ijrosi tahlil qilindi.
Shuningdek, mas’ullarga belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, har bir yoshning murojaati va muammosiga individual yondashish hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, bandligi hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.









