Fuqarolar murojaatlari e’tiborda: Sharg‘un shahrida fuqarolar qabuli o‘tkazildi
2026-07-10 17:00:00 / Furqarolar qabuli

Bugun, 10-iyul kuni Sariosiyo tumani Sharg‘un shahri Madaniyat markazida fuqarolar uchun fuqarolar qabuli tashkil etildi.
Qabulda tuman hokimi Odiljon Yaqubov, tuman prokurori B.Oltibayev, tuman IIB boshlig‘i G‘.Xo‘jamqulov, Soliq inspeksiyasi rahbari Sh.Qosimov, shuningdek, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Qabul davomida 37 nafar fuqaro tomonidan bildirilgan 45 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Murojaatlar asosan ichki yo‘llarni ta’mirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, yangi bozor tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash hamda boshqa masalalarga oid bo‘ldi.
Har bir murojaat mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganilib, ularni amaldagi qonunchilik asosida hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Ayrim masalalar qabul jarayonining o‘zida ijobiy yechim topdi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olinib, ularning ijrosi bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda amaliy yechim topish bo‘yicha bunday qabullar izchil davom ettiriladi.









