Sariosiyo tumanidagi Obizarang daryosi ustidagi ko‘prikda yuzaga kelgan holat yuzasidan rasmiy axborot
2026-06-22 07:45:00 / Munosabat
2026-yil 21-iyun kuni taxminan soat 20:30-20-45 atrofida tog‘li hududlarda kuzatilgan yog‘ingarchiliklar natijasida Obizarang daryosida suv oqimi keskin oshib, sel oqimi yuzaga keldi.
Tabiiy hodisa oqibatida Sariosiyo tumani "Anorzor" mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Obizarang daryosi ustidagi, M-41 "Bishkek – Dushanbe – Termiz" xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 1449-kilometrida joylashgan ko‘prik inshootiga zarar yetdi. Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, ko‘prik konstruksiyalarida shikastlanishlar aniqlangan bo‘lib, xavfsizlik nuqtayi nazaridan mazkur yo‘nalishda transport harakati vaqtincha to‘xtatildi.
Mazkur ko‘prik 1977-yilda qurilgan bo‘lib, uzunligi 54,7 metrni tashkil etadi. U Tojikiston Respublikasi bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ko‘prik orqali soatiga o‘rtacha 600–800 ta avtotransport vositasi harakatlanadi.
Mutaxassislarning dastlabki baholashlariga ko‘ra, inshootga yetgan zararga asosiy sabab — yog‘ingarchiliklar natijasida daryoda suv sathi va oqim tezligining keskin ortishi, natijada ko‘prik tayanchlariga yuqori bosim tushishi bilan bog‘liq.
Fuqarolar va transport vositalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘prik orqali harakat vaqtincha cheklandi. Hozirda avtotransport harakati Uzun tumani hududidagi Do‘stlik, Yangi yo‘l va Qarashiq mahallalari orqali o‘tuvchi aylanma yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati va tuman rahbariyati, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mas’ullari, tegishli mutasaddi tashkilotlar hamda soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh voqea joyida ish olib bormoqda.
Mutaxassislar tomonidan ko‘prikning texnik holati o‘rganilmoqda, yetkazilgan zarar ko‘lami baholanmoqda hamda transport qatnovini tiklash bo‘yicha zarur muhandislik chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Vaziyat nazorat ostida. Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etib boriladi.
