✓ G‘alla topshirish rejasini birinchilardan bo‘lib bajargan fermerlar
2026-06-07 17:00:00 / Sohaga oid nashrlar

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Xufar hududida faoliyat yuritayotgan “Xayrullo Oltin Dalasi” hamda “Mirzo Bobur Botirbek” fermer xo‘jaliklari joriy yilgi g‘alla hosilini yig‘ib olishda yuqori natijalarga erishib, davlatga g‘alla topshirish rejasini birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan bajardi.
Mazkur fermer xo‘jaliklarida Rossiya seleksiyasiga mansub “Elanchik” navli g‘alla yetishtirildi. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, yerga ilmiy yondashuv asosida ishlov berilgani natijasida mo‘l hosil olindi. Bugungi kunda dalalardan har gektar hisobiga o‘rtacha 90–95 sentnerdan hosil yig‘ib olinib, belgilangan reja ortig‘i bilan ado etildi.
Erishilgan ushbu yuksak natija “Xayrullo Oltin Dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari Alijon Ro‘ziyev, “Mirzo Bobur Botirbek” fermer xo‘jaligi rahbari Shavkat Niyozov hamda ularning jamoalarining fidokorona mehnati, zamonaviy agrotexnologiyalarni samarali qo‘llashi va yerga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatining yorqin ifodasidir.
Ushbu fermer xo‘jaliklari jamoalarini erishilgan muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etamiz. Kelgusida ham ularga mo‘l hosillar, barakali mehnat va yangi zafarlar tilaymiz! 🌾
