Ekopolitsiyaning Sariosiyo tuman bo‘limi g‘alladan bo‘shagan maydonlarni yoqmaslikka chaqiradi
2026-06-08 08:25:00 / E'lon

Ekopolitsiyaning Sariosiyo tuman bo‘limi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlanishi munosabati bilan tuman aholisi va fermer xo‘jaliklarini dalalarda qolgan somon-poya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqiradi. Somon-poya qoldiqlarini yoqish iqtisodiyot va atrof-muhitga ko‘plab zarar yetkazadi.
Somon-poya qoldiqlari yonishi natijasida atmosfera havosiga inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan ko‘plab zaharli gazlar ajralib chiqadi. Somon-poyalar va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligining keskin pasayishi, tuproq strukturasi buzilishi hamda yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikroelementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ekin yerlarining ball boniteti keskin pasayadi.
Somon-poyalar va ularning qoldiqlarini yoqishga yo‘l qo‘ygan huquqbuzarlar hamda yer egalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha (4 120 000 so‘m) miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llaniladi.
Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarining har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar belgilanishi to‘g‘risida ogohlantiramiz.
