“Yangi O‘zbekiston” massivida Eko-bozor qurilishi loyihasi o‘rganildi
2026-06-02 09:00:00 / Qurilish masalalari

Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov, tuman prokurori B.Oltibayev hamda tuman IIB boshlig‘i G‘.Xo‘jamqulov tegishli mas’ullar bilan birgalikda tumanning “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etilishi rejalashtirilgan Eko-bozor loyihasi maketi bilan tanishdi.
Tashrif davomida mazkur loyiha bo‘yicha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan qurilish ishlari, bozor hududining infratuzilmasi, aholiga yaratiladigan qulayliklar hamda ekologik talablarga muvofiq tashkil etiladigan savdo majmuasi konsepsiyasi yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tuman rahbari va mutasaddilar boshchiligida tegishli mas’ullar hamda quruvchi tashkilotlar vakillari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan qurilish ishlari va avval belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda davlat dasturlari va investitsiya loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, obyektlarning bugungi holati hamda belgilangan vazifalarning bajarilish darajasi atroflicha muhokama qilinib, quruvchi va loyiha tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Muhokamalar yakunida qurilish ishlarini jadallashtirish, ularning sifatini yanada oshirish, obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni ta’minlash, shuningdek, PTZ kuzatuv kameralari va tashvish tugmalari o'rnatish, shaharsozlik va ekologik me’yorlarga qat’iy rioya etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar va tegishli topshiriqlar berildi.









