Sariosiyodagi 95 ta maktabda so‘nggi qo‘ng‘iroq jarangladi
2026-05-25 11:00:00 / Tadbirlar

Bugun 25-may – yurtimizdagi barcha maktab bitiruvchilari uchun “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jarang sochdi. Xususan, tumanimizdagi 92 ta umumta’lim, 2 ta asosiy fanlar chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari hamda 1 ta Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktabda so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. Joriy yilda mazkur ilm dargohlarining 9-sinfini 4 ming 066 nafar, 11-sinfini 2 ming 815 nafar o‘quvchi tamomlayapti.
Sariosiyo tumani hokimi yordamchisi Farhod Ramazonov tumandagi 2-sonli umumta’lim maktabda “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etib, Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni maktabni muvaffaqiyatli yakunlayotganliklari bilan tabriklab, yoshlar mamlakatiga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekistonimizda yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlashni va ulardan unumli foydalanishni so‘radi hamda katta hayotda o‘z o‘rinlarini topishda oq yo‘l tiladi.
Tumandagi barcha maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 4-, 9- va 11-sinf o‘quvchilari ishtirokidagi bayram dasturlari bilan o‘tkazildi.









