“Obod va xavfsiz mahalla — barqaror taraqqiyot asosi”
2026-04-10 15:35:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz raisligida joriy yilda davlat va jamiyat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilash maqsadida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sariosiyo tumanida mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov boshchiligida tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan hududlar “Mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash, joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda aholi muammolarini manzilli hal etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida, mazkur qarorlarda belgilangan vazifalarning ijro holati atroflicha tahlil qilinib, ayrim yo‘nalishlarda ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotgani tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, mahallalarda profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, hududlarda “qizil” va “sariq” toifaga kirgan hamda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, yashirin iqtisodiyot va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Bundan tashqari, “Mahalla yettiligi” faoliyatini yanada kuchaytirish, har bir xonadon bilan manzilli ishlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali jinoyatchilikni kamaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, hududlarda barqaror hamda xavfsiz muhitni ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.









