Sariosiyoda “Hokim va bitiruvchi yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-04-08 08:35:00 / Tadbirlar

Joriy yilda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini muvaffaqiyatli tamomlayotgan Sariosiyo tumanidan bo‘lgan bitiruvchi yoshlar ishtirokida tuman hokimi Odiljon Yaqubov rahbarligida “Hokim va bitiruvchi yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori O.Ro‘ziyev, tumandagi aloqador tashkilot, korxonalar hamda tijorat banklari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida dastlab tuman hokimi mamlakatimizda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bitiruvchi yoshlarga egallagan bilim va salohiyatini yurt ravnaqi yo‘lida samarali yo‘naltirish, zamon bilan hamnafas bo‘lib, doimiy izlanish va o‘z ustida ishlashni davom ettirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan savol, taklif va tashabbuslar atroflicha muhokama qilinib, ularga mutasaddilar tomonidan aniq va asosli javoblar berildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, zamonaviy kasb-hunar va ko‘nikmalarni egallashga yo‘naltirish, shuningdek, ularning fikr va tashabbuslarini inobatga olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.








