Qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash davlat organlari bilan bir qatorda har bir fuqaroning ham mas’uliyati hisoblanadi.
2026-03-02 09:20:00 / Murojaat

Sariosiyo tumani prokurori Botir Oltibayevning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olishga doir tuman aholisiga murojaati.
Hurmatli tumanimiz fuqarolari!
Qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash davlat organlari bilan bir qatorda har bir fuqaroning ham mas’uliyati hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, hududimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, ayniqsa o‘g‘irlik, firibgarlik, shuningdek erta nikoh va erta tug‘ruq bilan bog‘liq salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaymiz.
Amaliy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘p hollarda o‘g‘irlik va firibgarlik fuqarolarning beparvoligi, hushyorlikka rioya etmasligi hamda shubhali vaziyatlarga yetarli e’tibor bermasligi natijasida sodir etilmoqda.
Shu bois:
fuqarolar o‘z mol-mulkini ehtiyotkorlik bilan saqlashlari;
uy-joy, transport vositalari va ish joylarida xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilishlari;
internet, ijtimoiy tarmoqlar va telefon orqali noma’lum shaxslar tomonidan berilayotgan turli takliflarga ishonmasliklari;
shaxsiy ma’lumotlar, bank kartalari rekvizitlari, maxfiy kodlar va parollarni boshqa shaxslarga oshkor etmasliklari shart.
Shubhali holatlar, noqonuniy harakatlar yoki firibgarlik alomatlari sezilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish har bir fuqaroning fuqarolik burchidir.
Erta nikoh va erta tug‘ruq holatlari jamiyat uchun jiddiy ijtimoiy va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatlar yoshlarning sog‘lig‘iga, ma’naviy-ruhiy holatiga, ta’lim olishiga hamda kelajakda to‘laqonli hayot kechirish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan:
nikoh faqat qonunchilikda belgilangan yoshga yetgandan keyin va belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi;
ota-onalar, qonuniy vakillar hamda mahalla faollari erta nikoh va erta tug‘ruq holatlariga yo‘l qo‘ymaslikda mas’uliyatni to‘liq his etishlari;
yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi va mustaqil hayotga tayyorlanishiga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozim.
Hurmatli fuqarolar!
Qonunga hurmat, jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmaslik va o‘zaro hamkorlik orqali har qanday salbiy holatlarning oldini olish mumkin. Har birimiz o‘z mas’uliyatimizni to‘liq anglab, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishimiz zarur.
Jinoyat va huquqbuzarlik holatlari haqida o‘z vaqtida tegishli organlarga xabar berish jamiyat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
